“Samarqand-2028” sun’iy yo‘ldoshi may oyida uchirilishi mumkin
Jamiyat
−
03 aprel 1743 1 daqiqa
Xitoyning “StarVision” kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan “Samarqand-2028” sun’iy yo‘ldoshi joriy yilning may oyida uchirilishi kutilmoqda. Bu haqda “O‘zbekkosmos” agentligi matbuot xizmati xabar qildi.
Qayd etilishicha, Toshkentda joriy yilning 30 mart-1 aprel kunlarida Markaziy Yevroosiyo hududidagi kosmik texnologiyalar tarmog‘ining eng yirik Space Technology Conference 2026 xalqaro anjumani o‘tkazilgan. Ushbu konferensiya O‘zbekistonni Markaziy Yevroosiyo kosmik texnologiyalarining yetakchi markaziga aylantirishga xizmat qilgan. Konferensiya doirasida sun’iy yo‘ldoshlarni ishlab chiqish va ilmiy loyihalarni birgalikda amalga oshirish masalalari muhokama qilingan.
Qayd etish joiz, 2025 yilning noyabr oyida “O‘zbekkosmos” va Xitoyning “StarVision” kompaniyasi sun’iy yo‘ldosh texnologiyalari va kosmik ilovalarni rivojlantirish bo‘yicha strategik memorandum imzolangan. Tomonlar qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, ilmiy va texnologik integratsiyani kuchaytirish, universitetlar va kompaniyalar bilan hamkorlik qilishga kelishib olgan.
Unda “StarVision” o‘zining giperspektral sun’iy yo‘ldoshlaridan biriga “Samarqand-2028” nomini berishga rozi bo‘lgan va 2028 yilda O‘zbekistonda bo‘lib o‘tadigan Xalqaro Astronavtika Kongressini qo‘llab-quvvatlashini bildirgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston 2028 yilda “Mirzo Ulug‘bek” nomli 6U formatdagi ilmiy sun’iy yo‘ldoshni uchirishi mumkinligi xabar qilingandi.
Live
Barchasi