Samarqandda taksi haydovchilaridan “o‘lpon” undirib kelgan to‘da ushlandi
3-sahifa
−
24 fevral 2022
7586Samarqand viloyatida huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan haydovchilaridan “o‘lpon” undirib keladigan yana bir uyushgan guruh qo‘lga olindi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi Matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, Samarqand shahrida yashovchi bir guruh sportchilar “Samarqand-Navoiy” yo‘nalishdagi avtoshox bekatni zo‘ravonlik va o‘zboshimchalik bilan noqonuniy ravishda egallab olgan. Natijada haydovchilardan ushbu yo‘nalishga kirish uchun 500 AQSH dollari, kunlik qatnovchi haydovchilardan esa 50 ming so‘mdan pullarni tovlamachilik yo‘li bilan olib kelgan.
Xabarga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi IIV Jinoyat qidiruv bosh boshqarmasi, Davlat xavfsizligi xizmati, Prokuratura hamda viloyat IIB Jinoyat qidiruv boshqarmasi Uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurash bo‘limi xodimlari hamkorligida tezkor tadbir o‘tkazilib, ushbu faoliyat bilan shug‘ullanib kelayotgan 7 nafar shaxs qo‘lga olingan va ularning jinoiy faoliyatiga chek qo‘yilgan.
Samarqand shahar “Gala Osiyo” mahallasida yashovchi 1985 yilda tug‘ilgan Sh.D. ushbu jinoiy guruhga yetakchilik qilgan.
Mazkur holat yuzasidan Samarqand shahri bo‘yicha IIO FMB huzuridagi Tergov boshqarmasi tomonidan Sh.D. va boshqa shaxslarga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 165-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Avval ham Ishtixon tumanida noqonuniy avtoturargoh tashkil etib, haydovchilardan ulush olib kelganlar hamda Samarqand shahrida “Samarqand-Navoiy” va “Samarqand-Buxoro” yo‘nalishida qatnovchi haydovchilardan tamagirlik qilib kelgan jinoiy to‘da ushlangani haqida xabar bergan edik.
LiveBarchasi