Samarqandda aka singlisiga sevgi izhor qilgan bolani “samosud” qildi
3-sahifa
−
20 may
10588Ijtimoiy tarmoqlarda Samarqand viloyatida maktab o‘quvchisi “samosud” qilingani haqida xabarlar tarqaldi. Bolalar ombudsmani mazkur holat yuzasidan munosabat bildirdi.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yilning 16 may kuni Past Darg‘om tumani IIBga 2009 yilda tug‘ilgan B.S. (o‘g‘il bola) tan jarohati olganligi to‘g‘risida uning onasi J.I. dan ariza kelib tushgan.
Tergovga qadar tekshiruv davomida aniqlanishicha, voyaga yetmagan B.S. 20-maktabning 9-sinfida ta’lim oladi. U shu maktabning 6-sinfida o‘qiydigan qizga sevishini aytgan. Shundan so‘ng qizning akasi holatdan xabar topib, 15 may kuni B.S. ni o‘z uyining ichki tomoniga olib kirib, unga tan jarohati yetkazgan. Shuningdek, aka go‘yoki o‘quvchining ta’zirini berish maqsadida B.S. ning sochi va qoshini qaychi bilan qirqib, uyidan chiqarib yuborgan.
Mazkur voqea yuzasidan kecha, 19 may kuni Past Darg‘om tumani IIB Tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 105-moddasi 1-qismi (Qasddan badanga o‘rtacha og‘ir shikast yetkazish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
“Shuningdek, tergov davomida voyaga yetmagan B.S. ga nisbatan sodir etilgan boshqa g‘ayriqonuniy harakatlarga huquqiy baho berilmoqda. Bu borada qo‘shimcha axborot beriladi”, deyiladi xabarda.