Samarqanddagi yong‘inda besh kishi yonib ketdi
Jamiyat
−
22 fevral 2019
10036Bugun, 22 fevral kuni Samarqand viloyatining Urgut tumanida yuz bergan yong‘in natijasida besh kishi halok bo‘ldi.
Yong‘in Urgut tumani “Do‘stlik” mahallasi Yangiariq ko‘chasidagi 89-uyda sodir bo‘lgan. Urgut tumani Yong‘in xavfsizligi bo‘limiga soat 02:01 da yong‘in haqida xabar kelgan.
Voqea joyiga zudlikda 6 ta asosiy va 1 ta maxsus yong‘in o‘chirish ekipajlari jalb etilgan. Ko‘rilgan tezkor harakatlar natijasida yong‘in soat 02:22 da qurshab olinib, soat 03:48 da bartaraf etilgan.
Yong‘in oqibatida 89-uyning 150 kv.metr maydonda tomi, shifti va uy jihozlari hamda qo‘shni 102-uyning 15 kv.metr maydonda tom qismi yonib zararlangan.
Yong‘inni bartaraf etish jarayonida 89-uy egasi 1954 yilda tug‘ilgan Z.U., rafiqasi 1956 yilda tug‘ilgan M.R., qizi 1992 yilda tug‘ilgan Z.U., nabiralari 2011 yilda tug‘ilgan X.M. va 2013 yilda tug‘ilgan N.M. yong‘in o‘chiruvchilar tomonidan qutqarilgan. Shulardan, 2013 yilda tug‘ilgan N.M. kuyish tan jarohati bilan tuman markaziy shifoxonasiga olib ketilgan, ahvoli qoniqarli (10 foiz kuyish tan jarohati olgan).
Achinarlisi, yong‘inni o‘chirish vaqtida 89-uy egasining farzandlari 1980 yilda tug‘ilgan X.U., 1986 yilda tug‘ilgan O.U., kelini 1993 yilda tug‘ilgan Sh.E., nabiralari 2013 yilda tug‘ilgan Sh.Z. va 2018 yilda tug‘ilgan Sh.Z.ning kuygan holdagi jasadlari topilgan.
Yong‘in holati yuzasidan tergovga qadar tekshiruv olib borilmoqda. Yong‘in sababi va moddiy zarar miqdori aniqlanmoqda.
LiveBarchasi