Samarada migrantlarga kurer va sotuvchi bo‘lib ishlash taqiqlandi

Olam

image

Rossiyaning Samara viloyati hokimiyati patent asosida ishlayotgan xorijliklar uchun taqiqlangan faoliyat turlari ro‘yxatini kengaytirdi. Xususan, endi ro‘yxatga kurerlar va sotuvchilar ham kiritildi. Bu haqda viloyat gubernatori Vyacheslav Fedorishevning hududiy hukumat rasmiy saytida e’lon qilingan farmonida aytiladi.

Hozirgi vaqtda Samara viloyatida mehnat migrantlari uchun 117 turdagi faoliyat yopiq hisoblanadi. Avvalroq ushbu hududda patent asosida ishlovchi chet elliklarga taksi, ta’lim sohasi, dorixonalar hamda kadrlar tanlash agentliklarida ishlash taqiqlangan.

Endilikda ro‘yxat bir necha barobar kengaytirilib, yana ancha keng kasblar va yo‘nalishlarni qamrab oldi. Jumladan, quyidagi sohalarda ishlash taqiqlanadi: savdo, transport, umumiy ovqatlanish, ishlab chiqarish, kurerlik, ta’lim, tibbiyot, IT va fan.

Shuningdek, migrantlarga o‘qituvchi, murabbiy, enaga bo‘lib ishlash, savdoning deyarli barcha turlarida faoliyat yuritish, dasturlash bilan shug‘ullanish hamda uchuvchisiz uchish apparatlarini yig‘ish bilan bog‘liq korxonalarda ishlash man etilgan.

Gubernatorning farmonida qayd etilishicha, mahalliy kompaniyalarga mazkur hujjatda belgilangan taqiqlarga muvofiq ravishda foydalanilayotgan xorijiy ishchilar sonini moslashtirish uchun uch oy muddat beriladi.

Patent asosida Rossiyada ishlayotgan migrantlar uchun shunga o‘xshash cheklovlar mamlakatning ko‘plab hududlarida joriy etilgan. Bo‘sh qoladigan ish o‘rinlarini Rossiya fuqarolari yoki Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqiga a’zo davlatlar – Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Armaniston fuqarolari egallashi kutilmoqda. Rossiyada patent asosida ishlaydigan migrantlarga asosan O‘zbekiston va Tojikiston fuqarolari kiradi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq 2025 yilda Rossiyaga Hindistondan 100 mingdan ortiq mehnat muhojiri kirib borgani haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

migrant Samara kur'er

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing