Salomga yarasha alik! Rossiya Britaniya siyosatchilariga sanksiya joriy qildi

Olam

image

Rossiya Buyuk Britaniya sanksiyalariga javoban qirollik hukumatining asosiy a’zolari, jumladan, Bosh vazir Boris Jonson, Bosh vazir o‘rinbosari, Adliya vaziri Dominik Raab, Tashqi ishlar va Mudofaa vazirlari Elizabet Trass va Ben Uolles hamda sobiq Bosh vazir Tereza Meyning o‘z hududiga kirishini taqiqladi. Bu haqda Rossiya TIV bayonot bergan.

“Britaniya hukumatining misli ko‘rilmagan nodo‘stona harakatlari, xususan, Rossiya Federatsiyasining yuqori mansabdor shaxslariga nisbatan sanksiyalar qo‘llagani munosabati bilan Britaniya hukumatining asosiy a’zolari va bir qator siyosiy vakillarini "stop-list"ga kiritish to‘g‘risida qaror qabul qilindi”, deyiladi vazirlik bayonotida.

To‘liq ro‘yxatga yuqoridagilardan tashqari Transport vaziri Grant Shepps, Ichki ishlar vaziri Priti Patel, Moliya vaziri Rishi Sunak, Biznes, Energetika va sanoat strategiyasi vaziri Kvazi Kvarteng, Raqamli texnologiyalar, madaniyat, ommaviy axborot vositalari va sport vaziri Nadin Dorris, Mudofaa vaziri o‘rinbosari Jeyms Xippi, Shotlandiyaning birinchi vaziri Nikola Sterdjen, Angliya va Uels Bosh prokurori Suella Braverman kiradi. 

Qayd etilishicha, ushbu qadam Londonning Rossiyani xalqaro miqyosda yakkalab qo‘yish, ichki iqtisodiyotini bo‘g‘ishga qaratilgan cheksiz axborot va siyosiy kampaniyasiga javob sifatida qabul qilingan.

Shuningdek, Tashqi ishlar vazirligi yaqin kelajakda Rossiyaga qarshi kayfiyatni targ‘ib qiluvchi britaniyalik siyosatchilar va parlamentariylar ro‘yxatini yana kengaytirishi haqida ogohlantirgan. 

“Yaqin kelajakda bu ro‘yxat Rossiyaga qarshi isteriyani qo‘zg‘atishga hissa qo‘shayotgan, G‘arbni Moskva bilan muloqotda tahdidlardan foydalanishga undagan va Kiyev neonatsist rejimini uyalmasdan qo‘zg‘atayotgan britaniyalik siyosatchilar va parlamentariylarni ham qamrab oladi”, deyiladi xabarda.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

402

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing