Saloh Afrika Millatlar kubogida jarohat oldi
Sport
−
19 yanvar
3208Kecha, 18 yanvar kuni futbol bo‘yicha Afrika Millatlar kubogi doirasidagi Misr-Gana (2:2) o‘yinida “Liverpul” yulduzi Muhammad Saloh jarohat olib, uchrashuvni erta yakunlashga majbur bo‘ldi. Futbolchining holati bo‘yicha misrliklar ustozi Rui Vitoriya ma’lumot berdi.
Portugaliyalik murabbiy hujumchining jarohati jiddiy emasligini aytib o‘tdi. Vitoriya Salohning navbatdagi tur doirasida Mozambikka qarshi o‘yinga tayyor bo‘lishiga umid qilmoqda.
“Salohda katta muammo yo‘q. Lekin birinchi bo‘limda qiyinchiliklar bo‘ldi, chunki biz bitta katta figuramizni yo‘qotdik. Hozir men Salohning jarohati qay darajada jiddiyligini bilmayman, bir narsa deyishga hali erta. O‘ylashimcha, bu holat jiddiy emas, u keyingi o‘yinda tuzalib ketadi, degan umiddaman”, deydi Vitoriya.
Joriy mavsumda Saloh “Liverpul” safida barcha musobaqalarda 18 ta gol urdi va 9 ta golli uzatmani amalga oshirdi.
Misr terma jamoasi 22 yanvar kuni Mozambik terma jamoasiga qarshi maydonga tushadi. Turnirning dastlabki ikki uchrashuvida Rui Vitoriya shogirdlari 2 ochkoni qo‘lga kiritdi.