Saida Mirziyoyevaga 5 nafar o‘rinbosar tayinlanadi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbariga 5 nafar o‘rinbosar lavozimi joriy etildi. Bu Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan imzolangan “Davlat boshqaruvi tizimida samaradorlik, proaktivlik va natijadorlikni oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonda belgilandi. 

Ushbu Farmonga muvofiq, Prezident Administratsiyasining yangi tuzilmasi tasdiqlandi. Natijada Administratsiya va uning tarkibidagi tashkilotlarda 284 ta shtat qisqartirildi, takrorlanuvchi lavozimlar optimallashtirildi.

Farmonga asosan, endilikda Prezident Administratsiyasi faoliyatida 5 ta ustuvor yo‘nalish belgilandi. Bular – ta’lim, biznes, sud-huquq tizimi, tibbiyot va suv resurslari masalalaridir. Ushbu yo‘nalishlarda islohotlarni samarali amalga oshirish maqsadida Prezident Administratsiyasi rahbariga 5 nafar o‘rinbosar lavozimi joriy etildi.

Bundan tashqari, Prezidentning strategik rivojlanish, tashqi siyosat bo‘yicha yangi maslahatchi lavozimlari kiritilib, moliyaviy texnologiyalar, raqamlashtirish va sun’iy intellekt, kreativ iqtisodiyot va turizmni rivojlantirish, jamoat xavfsizligi va qonun ustuvorligi, tadbirlarni tashkillashtirish, yig‘ilish va hududlarga tashriflar uchun tahliliy kontent tayyorlash bo‘yicha, shuningdek, kommunikatsiya departamentlari tashkil etildi.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan oyda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni bilan Prezident Administratsiyasi tuzilmasiga o‘zgartirishlar kiritilib, Prezident Administratsiyasi rahbari lavozimi tashkil qilingandi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni bilan Saida Shavkatovna Mirziyoyeva O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari lavozimiga tayinlandi.


Maqola muallifi

Teglar

Saida Mirziyoeva Prezident Administratsiyasi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing