Saida Mirziyoyeva: “Jurnalistlar erkinligini yo‘qotishdan qo‘rqmasdan, xato qilish huquqiga ega bo‘lishlari kerak”

Jamiyat 5281
image

“OAV haqiqiy to‘rtinchi hokimiyatga aylanmoqda, odamlar siyosat va davlat boshqaruvi bilan qiziqyapti, uning faoliyatiga baho berayotir, eng muhimi, tanqidiy ruhda, ochiq va qo‘rquvsiz fikr bildirmoqda. Mass-media davlat organlari ustidan fuqarolik nazoratining yetakchi kuchiga aylandi”. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning to‘ng‘ich qizi – Milliy mass-mediani rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlash jamoatchilik fondi Vasiylik kengashi raisi o‘rinbosari Saida Mirziyoyeva bugun, 5 mart kuni ochilgan II Markaziy Osiyo sudyalar muloqotida gapirdi. 

Saida Mirziyoyevaga o‘kra, mamlakatda taqiqlangan mavzular, o‘z-o‘zini senzura qilish va cheklovlar kamaymoqda. Jurnalistlar o‘zlarining professional faoliyatini himoya qiladigan qonunlardan samarali foydalanmoqda. 

“Ilgari kamera va diktofon tutgan odamni hech qanday tushuntirishsiz qayergadir kirishiga ruxsat berishmagan bo‘lsa, bugun jurnalist ishiga to‘sqinlik qilish uchun jiddiy asoslar kerak. Ommaviy axborot vositalari ovoz yozish va tasvirga tushirish texnikasi bilan sud majlislarida ishtirok etish imkoniyatini talab qildilar va bunga erishdilar. OAV amaldorlardan qilingan ishlar va moliyaviy hisobotlar talab qilishni o‘rgandilar.

Va eng muhimi – O‘zbekiston jurnalistlari va blogerlari hamjamiyatlari birlashmoqda. Yaqinda Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi tashkil etildi. Men bunday ilg‘or va ulkan maqsadlarga intilayotgan jurnalist va blogerlar jamoasining ishtirokchisi bo‘lish sharafiga muyassar bo‘ldim. Ular O‘zbekistonda OAV rolini kuchaytirish ishiga befarq emas. Jamg‘arma o‘z oldiga ko‘plab vazifalarni qo‘ygan va ularning asosiylari – OAV to‘g‘risidagi qonunlarni takomillashtirish, jurnalist va blogerlarning huquqiy madaniyati va professional ko‘nikmalarini oshirish hamda ularning qonuniy manfaatlarini himoya qilish”, deydi Mirziyoyeva. 

O‘zbekiston ommaviy axborot vositalari, jurnalist va blogerlar oldida turgan eng katta muammolardan biri qonunlarning eskiligi, mavjud qonunchilik bugungi davr talabiga javob bermasligi va ularning ko‘p qismi bir yoqlama ishlab chiqilganidir. Saida Mirziyoyeva o‘z nutqida bu jihatlarga ham e’tibor qaratib, shunday deydi:  

“Shuni ta’kidlashni istardimki, axborot makonini tartibga soluvchi qonunlar o‘n – o‘n besh yil davomida sezilarli darajada o‘zgarmadi. Ularning ko‘pida mutlaqo eskirgan tushunchalar mavjud va ular zamonaviy qarashlarga javob bermay qoldi. Ushbu normativ hujjatlarning ko‘pi, masalan, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining “bildirgan fikri uchun va tanqid qilganligi uchun fuqarolarni ta’qib qilish” me’yori mavjud 144-moddasi hech qachon amalda qo‘llanmagan. Hech kim bu modda haqida bilmaydi ham. Ha, Qonun doim ham Taraqqiyotga yeta olmayapti. Biz buni tushunamiz va jurnalistlar huquqiy sohada oson harakat qilib, samarali ishlashlari uchun barchasini qilyapmiz.

E’tiboringizni shunga qaratmoqchimanki, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 139 va 140-moddalariga tuhmat va haqorat qilganlik uchun ozodlikni cheklash va ozodlikdan mahrum etishni bekor qilish hamda ushbu qilmishlar uchun jarimalar miqdorini kamaytirishni nazarda tutuvchi o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risidagi qonun loyihasi ishlab chiqildi. So‘z uchun insonni qamab bo‘lmasligiga, fuqarolik va ma’muriy chora ko‘rish yetarli ekaniga qat’iy ishonamiz. Jurnalistlar erkinligini yo‘qotishdan qo‘rqmasdan hato qilish huquqiga ega bo‘lishlari kerak”.  

Kecha, 4 mart kuni Milliy mass-mediani rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlash jamoatchilik fondi yana bir bor tuhmat va haqort uchun javobgarlikni erkinlashtirish masalasini o‘rtaga tashlagan edi. Ushbu masala Mirziyoyevaning nutqidan ham o‘rin oldi. 

“Bu muhim mavzu bugungi konferensiyaning kun tartibiga kiritilgan. Tuhmat va haqort uchun javobgarlik belgilangan milliy qonunchilikni erkinlashtirish masalasi xalqaro tashkilotlarning tavsiyalarini hisobga olgan holda ko‘rib chiqilmoqda. Mana ko‘p yildirki, ushbu tashkilotlarning ayrimlari mazkur masala yuzasidan munosabatini bildirib kelmoqda.

Shuningdek, va bu juda muhim, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksining 327-moddasiga “Internet tarmog‘i axborot resurslari” so‘zlarini qo‘shimcha qilish taklif etilmoqda. Bunday qo‘shimcha huquqni muhofaza qiluvchi organlarga nafaqat ommaviy axborot vositalarida, balki ijtimoiy tarmoqlar va mobil messenjerlarda ham ayon qonun buzilish holatlari bo‘yicha xabarlarga asoslanib chora ko‘rish majburiyatini yuklaydi. Qonun buzilish alomatlari bayon etilgan har qanday xabardan so‘ng mas’ul idoralar mazkur xabarni jinoiy ish qo‘zg‘atish va faktlar tekshiruvini boshlash uchun sabab qilib olishlari shart bo‘ladi. Bunday hollarda tahririyatlar ulardan talab qilinishi mumkin bo‘lgan tegishli hujjatli, shuningdek, video va foto ko‘rinishidagi dalillarga ega bo‘lishlari lozim. Albatta, tahririyat axborot manbasini oshkor etmaslik huquqiga egaligi to‘g‘risidagi norma o‘z kuchida qoladi. 

Shuni ham ta’kidlashni istardimki, ushbu qonun ijodkorligida nafaqat huquqshunoslar, balki jurnalist va blogerlar ham ishtirok etmoqda. Ular aniq misollar asosida o‘z taklif va mulohazalarini kiritmoqda. Ha, biz bunga odatlanmaganmiz”, deydi Saida Mirziyoyeva.

Ma’lumot o‘rnida, YeXHTning OAV erkinligi masalalari bo‘yicha vakili Arlem Dezir bilan hamkorlikda ikkinchi marotaba tashkillashtirilayotgan xalqaro darajadagi ikki kunlik tadbirda YeXHT mintaqasi va Markaziy Osiyo davlatlaridan 40 dan ziyod yuqori malakali ekspert-mutaxassislar, yurist-huquqshunoslar, sudyalar ishtirok etmoqda.

Xalqaro anjumanda OAV va so‘z erkinligini ta’minlashda milliy sud tizimlarining o‘rni bo‘yicha mavzular muhokama qilinadi. Ushbu tadbir dunyo miqyosidagi yangi tendensiyalar, so‘z erkinligi hamda ommaviy axborot vositalarining cheklov va to‘siqlarsiz faoliyat yuritishi bilan bog‘liq dolzarb masalalarni muhokama qilish uchun, shuningdek, bu borada yuzaga keladigan muammolarni hal etish bo‘yicha fikr va tajriba almashish uchun platforma bo‘lishi ko‘zda tutilgan.

Ma’lumki, ayrim hollarda sud hokimiyati milliy xavfsizlik, terrorizmga qarshi kurashish va jamoatchilikni himoya qilish fikrlaridan kelib chiqib, so‘z erkinligini cheklashga yon bosishga majbur bo‘ladilar. Shundan kelib chiqib, “II Markaziy Osiyo sudyalar muloqoti” doirasida so‘z va OAV erkinligi borasida xalqaro standartlar muhokama qilinadi, shuningdek, milliy xavfsizlik, adovat, tahqirlash, diffamatsiya, ya’ni tuhmat masalalari ham keng qamrovda ko‘rib chiqiladi.

Qalampir.uz Tahririyati
Maqolaga baho bering
Baholaganlar: 30
Reyting: 3.1
t
×