Saida Mirziyoyeva Abu-Dabidagi global forumda nutq so‘zladi
Jamiyat
−
04 fevral 3112 2 daqiqa
Kuchli jamiyatlar nafaqat qonunlarga, balki insonlar orasidagi o‘zaro ishonchga ham asoslanadi, ishonch esa ko‘pincha ayollar o‘rtasidagi munosabatlar va yetakchilik orqali mustahkamlanadi. Bu haqda bugun, 4 fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva Birlashgan Arab Amirliklari poytaxti Abu-Dabida Shayx Zoid nomidagi “Insoniy birodarlik” xalqaro mukofoti taqdirlash marosimi doirasida o‘tkazilgan global forumning ochilish marosimida so‘z ochdi.
“Insoniy birodarlik majlisi” deb nomlangan yirik anjumanda xorijiy mamlakatlarning birinchi xonimlari, Nobel mukofoti sohiblari, BMT agentliklari va yetakchi xalqaro tashkilotlar rahbarlari, BAA va Ko‘rfaz davlatlarining yuksak martabali siyosatchilari, vazirlar va davlat arboblari, shuningdek, texnologiya va sun’iy intellekt etikasi sohasidagi yetakchi olimlardan iborat 150 nafar nufuzli mehmon ishtirok etgan.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva forumning “Ayollar yetakchiligi insoniy birodarlik markazida” mavzusidagi 1-sessiyasida nutq so‘zlagan.

Saida Mirziyoyeva o‘z nutqida ayollar yetakchiligi va ta’lim huquqini inson qadrining asosiy mezoni sifatida himoya qilish g‘oyasini ilgari surgan. Ma’ruzada O‘zbekistonning bu boradagi muvaffaqiyatli islohotlari misolida ayollarni ijtimoiy himoya qilish, nafaqat milliy yuksalishga, balki butun mintaqada tinchlik va hamjihatlik muhitini mustahkamlashga xizmat qilishi ochib berilgan.
“O‘zaro hurmat bilan yo‘g‘rilmagan rivojlanish uzoqqa cho‘zilmaydi. Kuchli jamiyatlar nafaqat qonunlarga, balki insonlar orasidagi o‘zaro ishonchga ham asoslanadi, ishonch esa ko‘pincha ayollar o‘rtasidagi munosabatlar va yetakchilik orqali mustahkamlanadi”, deydi Saida Mirziyoyeva.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Birlashgan Arab Amirliklarida tinchlik, ijtimoiy adolat va dinlararo totuvlikni mustahkamlashga xizmat qiluvchi nufuzli “Insoniy birodarlik” (Zayed Award for Human Fraternity) mukofoti sovrindorlari ma’lum bo‘lgani, bu yilgi mukofot Ozarbayjon va Armaniston o‘rtasidagi tarixiy tinchlik kelishuvi hamda huquq himoyachisi Zarqa Yaftaliga nasib etgani haqida xabar berilgan edi. Shu tariqa, Kavkaz mintaqasi va Afg‘onistondan ilk bor mazkur mukofot sovrindorlari e’tirof etilgan.
Live
Barchasi