“Insoniy birodarlik” mukofoti afg‘onistonlik ayolga berildi

Jamiyat

image

Birlashgan Arab Amirliklarida tinchlik, ijtimoiy adolat va dinlararo totuvlikni mustahkamlashga xizmat qiluvchi nufuzli “Insoniy birodarlik” (Zayed Award for Human Fraternity) mukofoti sovrindorlari ma’lum bo‘ldi. Bu haqda “Abu Dhabi media office” xabar berdi.

Qayd etilishicha, bu yilgi mukofot Ozarbayjon va Armaniston o‘rtasidagi tarixiy tinchlik kelishuvi hamda huquq himoyachisi Zarqa Yaftaliga nasib etgan. Shu tariqa, Kavkaz mintaqasi va Afg‘onistondan ilk bor mazkur mukofot sovrindorlari e’tirof etilgan.

“Kavkazda o‘nlab yillar davom etgan mojarolar va gumanitar azob-uqubatlarga barham berishga qaratilgan, uzoqni ko‘zlagan yetakchilik asosida qabul qilingan muhim qaror sifatida Armaniston Respublikasi va Ozarbayjon Respublikasi o‘rtasida tinchlik va davlatlararo munosabatlarni o‘rnatish to‘g‘risidagi kelishuv tinchlik, muloqot, normallashuv va nizolarni hal etish jarayoni sifatida e’tirof etildi. Ushbu jarayon yarashuv bir martalik harakat emas, balki uzluksiz va izchil yo‘l ekanini yaqqol ko‘rsatadi”, deyiladi xabarda.

Qolaversa, ayollar va bolalarning ta’lim olish huquqini himoya qilishga butun umrini bag‘ishlagan Zarqa Yaftali Afg‘onistonda va undan tashqarida 100 mingdan ortiq kishiga ta’lim resurslari, psixologik-ijtimoiy yordam hamda jamoaga asoslangan xizmatlar ko‘rsatgani uchun taqdirlangan. U cheklangan sharoitlarda yashayotgan qizlarga umid va bilim ulashib kelmoqda.

E’tiborli jihati shundaki, mukofot sovrindorlarini aniqlagan xalqaro hakamlar hay’ati tarkibida Markaziy Osiyoning yagona vakili – O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva ishtirok etgan.

Ma’lumot uchun, taqdirlash marosimi 2026 yil 4 fevral kuni BMT tomonidan belgilangan Xalqaro inson birodarligi kunida bo‘lib o‘tadi.

Eslatib o‘tamiz, 2025 yilning 11-12 dekabr kunlari Saida Mirziyoyeva Italiyaning Rim shahrida “Insoniy birodarlik” mukofoti hay’ati yig‘ilishida qatnashgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

BMT Saida Mirziyoeva Insoniy birodarlik

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing