Saida Mirziyoyeva To‘qayevga rahmat aytdi

Jamiyat

image

Kecha, 21 iyun kuni O‘zbekiston Prezidenti Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva Qozog‘istonga tashrifi doirasida Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev bilan uchrashuv o‘tkazdi va Prezident Shavkat Mirziyoyevning samimiy salomi hamda ezgu tilaklarini yetkazdi. Bu haqda Mirziyoyeva o‘zining Telegram-kanalida yozib qoldirdi.

Tomonlar ikki davlat o‘rtasidagi strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada mustahkamlash masalalarini muhokama qilgan.

Saida Mirziyoyeva o‘zining ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasida Qozog‘iston O‘zbekiston uchun shunchaki qo‘shni mamlakat emas, balki yaqin do‘st, ishonchli strategik hamkor va ittifoqchi ekanini ta’kidlagan. Shuningdek, u Qosim-Jomart To‘qayevga samimiy qabul va mamlakatlar o‘rtasidagi qardoshlik rishtalarini mustahkamlash yo‘lidagi qat’iy sa’y-harakatlari uchun minnatdorlik bildirgan.

Tashrif doirasida Saida Mirziyoyeva Qozog‘iston Prezidenti Administratsiyasi rahbari Roman Sklyar bilan ham uchrashgan. Suhbat davomida O‘zbekiston–Qozog‘iston munosabatlarining bugungi holati va kelgusidagi rivojlanish istiqbollari yuzasidan fikr almashilgan. Tomonlar davlat rahbarlari darajasida erishilgan kelishuvlarning to‘liq va izchil amalga oshirilishini ta’minlash maqsadida prezident administratsiyalari o‘rtasida yanada tezkor va samarali hamkorlik mexanizmlarini yo‘lga qo‘yishga kelishib olgan.

Shuningdek, Ostona shahrida Qozog‘iston Respublikasi Davlat maslahatchisi Yerlan Karin bilan ham uchrashuv o‘tkazilgan. Muzokaralar chog‘ida uzoq muddatli sheriklikning ustuvor yo‘nalishlari muhokama qilingan. Xususan, madaniy diplomatiya, yoshlarning ikki mamlakat o‘rtasidagi hamjihatlikni mustahkamlashdagi o‘rni hamda yuqori texnologiyalar sohasidagi istiqbolli hamkorlik loyihalariga alohida e’tibor qaratilgan.

Saida Mirziyoyeva Qozog‘iston poytaxtidagi “Ostona” xalqaro moliya markazi faoliyati bilan ham tanishgan. U O‘zbekistonda Toshkent xalqaro moliya markazini tashkil etish ishlari olib borilayotgan bir paytda Qozog‘iston tajribasini o‘rganish muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidlagan.

Uning qayd etishicha, mazkur sohada tajriba almashish nafaqat O‘zbekiston va Qozog‘iston, balki butun Markaziy Osiyo mintaqasining investitsiyaviy jozibadorligini oshirishga xizmat qilishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Saida Mirziyoyeva O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti raisligida o‘tgan Xorijiy investorlar kengashining yig‘ilishida ishtirok etgandi. Uning bildirishicha, yig‘ilishda taraqqiyotning eng muhim yo‘nalishlari – iqtisodiyot, infratuzilma, innovatsiyalar, ta’lim hamda biznes uchun qulay muhit yaratish masalalari muhokama qilingan.


Maqola muallifi

Teglar

Qozog'iston Saida Mirziyoeva Qosim-Jomart To'qaev

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing