Saida Mirziyoyeva Toshkentdagi nurab yotgan teatrlarga bordi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva Xorazmdan qaytgach, poytaxtdagi qator madaniy maskanlarning sharoiti bilan tanishdi. Bu haqda u o‘zining ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasida xabar qoldirdi. 

Administratsiya rahbari Toshkentdagi uchta teatr faoliyati bilan tanishgan, ularning binolarini ko‘zdan kechirgan. 

“Toshkent teatrlarida hayot har doim qizg‘in qaynagan.  Ammo, shu bilan birga, aksariyat poytaxt teatrlarining moddiy-texnik bazasi davlat ko‘magiga o‘ta muhtoj. 

Poytaxtdagi uchta teatrni ko‘zdan kechirdik. Muqimiy nomidagi akademik teatr, Yoshlar teatri hamda “Arena” yotoqxonasi binolari anchadan buyon jiddiy ta’mirtalab holatda”, deydi Saida Mirziyoyeva ko‘rganlariga tayanib. 

U so‘zida davom etarkan, teatrlar uchun sharoit yaratilsagina ularda repertuarlar yangilanib turishi, tomoshabin ko‘nglidan joy oladigan, dolzarb mavzulardagi spektakllar sahnalashtirilishini urg‘ulagan. 

Shuningdek, u Alisher Navoiy nomidagi Davlat adabiyot muzeyida ham bo‘lib, nodir qo‘lyozmalarni saqlash sharoiti bilan tanishgan. 

Mirziyoyevaning so‘zlariga ko‘ra, teatrlar va muzeyning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, nurab qolgan binolarni ta’mirlash va ularni jihozlash bo‘yicha moliyalashtirish masalalarini hal qilish uchun mas’ul shaxslar tayinlangan. Vaziyatni Administratsiya rahbarining shaxsan o‘zi nazoratga olgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva Xorazmga tashrif buyurib, ta’mirtalab bog‘cha va maktabni ko‘zdan kechirgani haqida xabar berilgan edi. Shuningdek, u Xivadagi Ichan-qal’a majmuasini ko‘zdan kechirgan.


Maqola muallifi

Teglar

Toshkent Saida Mirziyoeva teatr

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing