Saida Mirziyoyeva poytaxtdagi vaziyat bo‘yicha shoshilinch yig‘ilish o‘tkazdi

Jamiyat

image

Bugun, 24 noyabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyevning to‘ng‘ich qizi – O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva Administratsiya hamda aloqador idoralar rahbariyati ishtirokida Toshkent shahridagi ekologik vaziyatni yaxshilash bo‘yicha kechiktirib bo‘lmaydigan chora-tadbirlar yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi. Bu haqda Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov xabar berdi.

Yig‘ilishda so‘nggi kunlarda kuzatilayotgan havo ifloslanishi darajasi chuqur tashvish uyg‘otayotgani, poytaxt aholisini haqli ravishda xavotirga solayotgani, bu holat tezkor va muvofiqlashtirilgan harakatlarni talab etayotgani qayd etilgan.

Administratsiya rahbari mas’ullarning atmosfera havosining hozirgi holati, fuqarolardan kelib tushayotgan murojaatlar, jamoatchilikning taklif va tashabbuslari to‘g‘risidagi hisobotlarini tinglagan. Mavjud vaziyatga ta’sir ko‘rsatayotgan asosiy omillar, odamlar salomatligi va ekologiyaga salbiy ta’sirni kamaytirish yo‘llari atroflicha ko‘rib chiqilgan.

“Yig‘ilishda o‘rnatilgan me’yorlar buzilgan hollarda havoni ifloslantirayotgan ishlab chiqarishlarga qarshi qat’iy choralar ko‘rish zarurligi alohida ta’kidlandi. Odamlar salomatligi haqida gap ketganda, murosaga o‘rin yo‘qligi va bu tamoyil davlat uchun ham, biznes uchun ham birdek amal qilishi kerakligi qayd etildi”, deyiladi xabarda.

Bildirilishicha, Saida Mirziyoyeva shu kunlarda tezkor tartibda ishlab chiqilgan ekspert xulosalariga asoslanib, yaqin, o‘rta va uzoq muddatli istiqbolga mo‘ljallangan, tezkor choralardan tortib, kelgusida bunday holatlar takrorlanishining oldini olishga qaratilgan tizimli yechimlargacha qamrab olgan kompleks takliflarni ilgari surgan.

Xususan, Prezident Administratsiyasi rahbari tomonidan ekologik nazoratni kuchaytirish, ifloslantiruvchi ob’ektlar faoliyatini cheklash, qurilishga qo‘yiladigan talablarni qat’iylashtirish, shaharni keng ko‘lamda ko‘kalamzorlashtirish va havo sifatini nazorat qilishning zamonaviy tizimini yaratish bo‘yicha chora-tadbirlar belgilangan.

“Ushbu chora-tadbirlar yaqin orada davlatimiz rahbariga ko‘rib chiqish uchun taqdim etiladigan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Farmoni loyihasi uchun asos bo‘lib xizmat qiladi”, deyiladi xabarda.

Qayd etish joiz, so‘nggi kunlarda Toshkent shahri havo sifatining buzilishi bo‘yicha dunyoda yetakchi shaharlar qatorida turibdi. Masalan, 11 noyabr kuni Toshkent va Andijon shaharlarida havodagi zararli chang miqdori me’yordan ancha ortib ketgandi. 16 noyabr kuni ham Toshkent atmosferasidagi mayda zarrachalar miqdori me’yordan bir necha baravar oshdi. 20 noyabr kuni O‘zbekiston poytaxti dunyoning yirik shaharlari orasida havoning ifloslanish darajasi bo‘yicha 2-o‘ringa chiqdi. Mutaxassislar ifloslanishning ortishini keskin harorat o‘zgarishlari tufayli yuzaga kelgan inversiya bilan bog‘liq ekanini aytmoqda. Bunday sharoitda zararli zarralar yerga yaqin havo qatlamida to‘planib qoladi. Havo sifatini yaxshilash uchun poytaxtning Yakkasaroy tumanida joylashgan Toshkent issiqlik elektr markazida mazutdan voz kechildi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq poytaxt Toshkentda daraxtlar sonini ko‘paytirish, ekologik vaziyatni barqarorlashtirish va atmosfera havosini tozalash maqsadida “Yashil belbog‘” va “Yashil koridor” loyihalari amalga oshirilishi haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Toshkent Saida Mirziyoeva Prezident Administratsiyasi ekologiya

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing