Saida Mirziyoyeva otasining ko‘zlarida nimani ko‘rishini aytdi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning to‘ng‘ich qizi – Prezident Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori o‘rinbosari Saida Mirziyoyeva ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilarini O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining yigirma sakkiz yilligi bilan tabrikladi. 

“Bayram muborak, azizlar!

28 yil! Bu sanani turlicha talqin etish mumkin! Biz yosh davlatning yosh avlodi vakillarimiz va O‘zbekiston kelajagi barcha yurtdoshlarimiz qatorida bizga ham bog‘liq, nazarimda.

Har bir inson – ijodkor va hatti-harakatlari uchun faqat o‘zi mas’uldir! Buni anglab yetilsa, hayot osonlashadi...”, deb yozadi Saida Mirziyoyeva. 

U so‘zlarida davom etarkan, har kuni Prezidentning ko‘zlariga qarab turib, nimalarni his etishini ochiqlagan. 

“Har kuni otamning ko‘zlariga tikilib turib, nigohlarida qat’iyat va ishonchni – hamma ko‘zlaganlari albatta amalga oshishiga bo‘lgan ishonchni ko‘raman! Men ularga ishonaman! Yelkadosh jamoalarining barcha a’zolari kabi men ham ularga ergashib, nafim tegishi uchun bor imkoniyatni ishga solaman. Yolg‘izlikda marrani egallab bo‘lmaydi”, deydi davlat rahbarining qizi.

U baxtli kelajakni hamma bir yoqadan bosh chiqarib qurishga intilsagina natija erishish mumkinligini yozarkan, farzandlar oldida yuzi yorug‘ bo‘lishini qo‘shimcha qiladi: 

“Shu bois, O‘zbekistondagi farovon hayotni hammamiz bir yoqadan bosh chiqarib, astoydil mehnat qilib, yelkama-yelka turib qurishimiz kerak. Toki, buyuk ajdodlarimizning ruhi shod bo‘lsin. Toki, jamiyatimizdagi muqaddas qadriyatlar – an’analarimiz, urf-odatlarimizga tayanib boshlagan ezgu ishlarimizning davomchilari bo‘lgan baxtli farzandlarimiz oldida yuzimiz yorug‘ bo‘lsin.

Hayotning bebaho mazmuni shudir aslida!

Bayramingiz qutlug‘ bo‘lsin!”


Maqola muallifi

Teglar

Saida Mirziyoeva

Baholaganlar

402

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing