Saida Mirziyoyeva maktablardagi asosiy muammolarni ma’lum qildi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori o‘rinbosari Saida Mirziyoyeva o‘zbekistonliklar fikriga ko‘ra maktablardagi eng dolzarb muammolarni ma’lum qildi.

“Bugun siz bilan muloqotimning ilk yakunlarini sarhisob qilmoqchiman. Avvalgi postda yosh avlodni milliy qadriyatlar va insonparvarlik ruhida barkamol etib tarbiyalash bo‘yicha Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan 5 tashabbusni amalga oshirishda maktablarning o‘rnini muhokama qildik”, deydi Saida Mirziyoyeva ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida.

Bildirilgan izohlarga ko‘ra, eng ko‘p tashvishga solayotgan muammolar quyidagilar:

1. Qishloqlardagi maktablarning ahvoli qoniqarsizligi

2. O‘quvchilar va o‘qituvchilarning majburiy mehnatga jalb etilishi

3. Malakali o‘qituvchilar yetarli emasligi va ularning hisobot to‘ldirish bilan ovora ekani

4. Har bir bolaning individual iqtidorini rivojlantiruvchi fanlarning yetarli emasligi

5. Kompyuter sinflari va internet bilan bog‘liq muammolar.

Shuningdek, darslarda uyali telefonlardan foydalanish, maktab kiyimi, o‘quvchilarning huquqiy savodxonligi va bepul futbol maydonlariga oid masalalar ham tilga olingan.

“Eng dolzarb masalalarni aniqlashda bergan yordamingiz uchun barchangizga katta rahmat. Tegishli vazirliklar ushbu vazifalarni hal etishni boshlagan. Shu o‘rinda, jamiyat uchun muhim bo‘lgan bunday masalalar yechimini topish ma’lum vaqt, resurslar, ekspertlar muhokamasi, zarur hujjatlar tayyorlash va albatta har birimizdan tirishqoqlik va biroz tashabbus talab etishini ta’kidlamoqchiman”, deb yakunlagan Saida Mirziyoyeva.

Eslatib o‘tamiz, Agentlik direktori o‘rinbosari ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilaridan 5 ta tashabbusni amalga oshirishda taklif va mulohazalar berishlarini so‘ragandi.


Maqola muallifi

Teglar

Saida Mirziyoeva maktablar

Baholaganlar

119

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing