Saida Mirziyoyeva BMT minbariga chiqdi (foto+video)
Jamiyat
−
24 mart 2023
18809Kecha, 23 mart kuni BMTning bosh qarorgohida Suv masalalariga bag‘ishlangan konferensiyaning yuqori darajadagi yalpi majlisida O‘zbekiston delegatsiyasi a’zosi, O‘zbekiston Prezidenti Administratsiyasi Ijro etuvchi apparatining Kommunikatsiyalar va axborot siyosati bo‘yicha sho‘ba mudiri Saida Mirziyoyeva nutq so‘zladi. U BMT minbarida Orol dengizi fojiasining oqibatlari, ularni yumshatish bo‘yicha O‘zbekiston tomonidan amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlar va bu boradagi xalqaro sa’y-harakatlarni birlashtirishda O‘zbekistonning yetakchiligi xususida so‘z yuritdi.
Ma’lum qilinishicha, xalqaro hamjamiyat 45 yillik tanaffusdan so‘ng ilk marotaba Suv masalalariga bag‘ishlangan konferensiyada jam bo‘ldi. Chunki masala nihoyatda dolzarb: 2050 yilga borib dunyo aholisining 5 mlrd kishisi suv tanqisligidan aziyat chekishi mumkin.
Saida Mirziyoyeva Orolbo‘yidagi Mo‘ynoq ilgari yirik ishlab chiqarish quvvatlariga ega port shahar bo‘lgani, keyinchalik muvozanat buzilib, dengizning o‘lik qirg‘oqlari kemalar qabristoniga aylanganini ta’kidlab, qoraqalpoq elining atoqli shoiri Ibroyim Yusupov ijodidan dengizning ko‘z ochib yumguncha sahroga aylanishi tasvirlangan satrlarni o‘qib bergan.
O‘zbekiston amalga oshirayotgan chora-tadbirlar haqida so‘z borganda, mintaqani moliyalashtirish, iqtisodiy salohiyatini oshirish, asosiysi, matonatli qoraqalpoq elining salomatligini tiklash, hududda yashil bog‘larni yaratish uchun 14 mln dollardan ortiq mablag‘ ajratilgani aytildi.
Fojia oqibatlarini bevosita o‘z boshidan kechirayotgan Qoraqalpog‘iston xalqining matonati, mehnatsevarligi, yaratuvchanligi alohida e’tirof etildi. Mintaqaning og‘ir sharoitida, ayniqsa, ayollar kuchli g‘amxo‘rlik va ko‘makka muhtojligi, ular uchun imkoniyatlarni kengaytirish zarurligiga e’tibor qaratildi.
Shuningdek, Saida Mirziyoyeva o‘zining ijtimoiy tarmoqlardagi kanalida BMT minbariga chiqib, nutq so‘zlagani haqida yozib qoldirdi.
“Nyu-Yorkda suv masalalari bo‘yicha bo‘lib o‘tgan BMT anjumanida O‘zbekiston nomidan chiqish qilib, Orol dengizi mintaqasi uchun muhim bo‘lgan masalalarni ko‘tardim. Ushbu anjumanda ishtirok etish mamlakatimizga suv resurslarini boshqarish sohasidagi muammolar va yutuqlar bilan bo‘lishish, boshqa mamlakatlarning ilg‘or tajribasi va amaliyoti bilan tanishish imkonini berdi.
Men o‘z chiqishimda Orol dengizi ekologik fojiasiga qarshi kurashishda madaniyat va ijodning muhim ahamiyatga egaligini qayd etdim. Bu boradagi ishlar doirasida Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi tomonidan keng ko‘lamli ta’lim va madaniy dasturlarni o‘z ichiga olgan Aral Culture Summit loyihasi bilan tanishtirdim”, deydi Mirziyoyeva.
LiveBarchasi