Saida Mirziyoyeva BMT Bosh kotibi yordamchisi bilan uchrashdi
Jamiyat
−
05 aprel
2848Bugun, 5 aprel kuni O‘zbekiston Prezidenti yordamchisi Saida Mirziyoyeva BMT Bosh kotibi yordamchisi, BMT Taraqqiyot dasturining Yevropa va MDH bo‘yicha mintaqaviy byurosi direktori Ivana Jivkovich bilan uchrashdi. Bu haqda u o‘zining Telegram-kanalida yozib qoldirgan.
Mirziyoyevaning so‘zlariga ko‘ra, ikki tomon muloqot davomida O‘zbekiston va BMT TD o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirish istiqbollarini muhokama qilgan, xususan, Qoraqalpog‘iston va Orolbo‘yi mintaqasini barqaror rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilgan.
“Yoshlar, sog‘liqni saqlash, madaniyat va barqaror turizmni taraqqiy ettirish bilan bog‘liq masalalar – ijobiy va uzoq muddatli o‘zgarishlar uchun asos yaratishi mumkin bo‘lgan muhim yo‘nalishlar yuzasidan batafsil fikr almashdik. Biz jamoatchilikni, ayniqsa, yosh avlodni ularning g‘ayrati, ijodkorligi va yangiliklarga intilishidan kelib chiqib, taraqqiyot jarayoniga jalb etishga intilamiz”, deyiladi xabarda.
Shuningdek, Mirziyoyeva tomonlarning qarashlari BMT TD maqsadlariga to‘g‘ri kelishidan, hamohang ekanidan xursandligi, birgalikdagi sa’y-harakatlar orqali g‘oyalarni joylarda odamlarga sezilarli foyda keltiradigan real loyihalarga aylantirish mumkinligiga ishonishini bildirgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qoraqalpog‘iston Respublikasining Nukus shahrida har 18 oyda bir marta o‘tkazilishi rejalashtirilgan birinchi Orol madaniyat sammiti o‘z ishini boshlagani va unda Saida Mirziyoyeva ham nutq so‘zlagani xabar berilgandi.
LiveBarchasi