Saida Mirziyoyeva bitiruvchilarga medal, MTB rahbarlariga esa mashina topshirdi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning to‘ng‘ich qizi – Prezident yordamchisi Saida Mirziyoyeva kecha, 19 iyun kuni Samarqand viloyatida bo‘ldi va maktab bitiruvchilariga oltin medallar, Maktabgacha ta’lim vazirligining hududiy boshqarmalari rahbarlariga xizmat avtomashinalarini topshirdi. Bu haqda u o‘zining ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida yozdi.

“Kecha biz Samarqanddagi 71-maktabda bo‘ldik, ushbu ziyo maskani yorqin natijalarni namoyon etmoqda: bitiruvchilar orasida medal olayotgan va xalqaro ta’lim muassasalariga o‘qishga kirayotgan yoshlar ko‘p. O‘tgan yili esa mazkur dargohning barcha bitiruvchilari oliy o‘quv yurtlari imtihonidan o‘tib, talabalikka qabul qilindi. Ushbu maktabni va Samarqanddagi boshqa maktablarni a’lo baholar bilan bitirgan o‘quvchilarga oltin medallarni topshirish menga katta mamnuniyat bag‘ishladi”, deb yozadi Mirziyoyeva.

Shuningdek, Prezident topshirig‘iga binoan, Qo‘shrabot tumanidagi o‘quvchilar uchun 17 ta yangi maktab-avtobusi taqdim etildi. Ushbu sovg‘a tumandagi 20 ta olis maktabda tahsil olayotgan 750 nafardan ziyod o‘quvchiga xavfsiz va qulay tarzda o‘z sinfxonalariga yetib borish imkonini beradi.

“Biz har bir bola, qayerda yashashidan qat’i nazar, sifatli, zamonaviy va munosib ta’lim olish imkoniyatiga ega bo‘lishini juda istaymiz hamda bunga erishish uchun barcha sa’y-harakatlarimizni  yo‘naltiramiz.

Men uchun farzandlarimizning samimiy va beg‘ubor his-tuyg‘ularini hamda chaqnab turgan ko‘zlarini ko‘rishdan ko‘ra kuchliroq ilhomlantiruvchi narsa yo‘q”, deydi Prezident yordamchisi.

Shu kuni Samarqand shahridagi “Boqiy shahar” majmuasida “Turon” teatr ko‘rik-tanlovi g‘oliblarining taqdirlanishi, “Iqtidor” tanlovi finalchilari — maktab ansambllarining yorqin chiqishlari bo‘ldi va Saida Mirziyoyeva ushbu tadbirda ham ishtirok etdi. Unga qizi Saodatxon, Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri Hilola Umarova hamda Samarqand viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Adiz Boboyev hamrohlik qildi.

Ushbu tadbir oldidan Maktabgacha ta’lim vazirligining hududiy boshqarmalari rahbarlariga xizmat avtomashinalari topshirildi.


Maqola muallifi

Teglar

Samarqand Saida Mirziyoeva

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing