Saida Mirziyoyeva 127 yillik binoni qayta ta’mirlashda aniqlangan topilma haqida ma’lumot berdi
Jamiyat
−
19 fevral 2021
23751Avvalroq, Saida Mirziyoyeva boshchiligida Toshkentdagi Respublika bolalar kutubxonasi joylashgan 127 yillik tarixga ega binoning asl ko‘rinishini saqlab qolish uchun ta’mirlash ishlari boshlangani haqida xabar bergan edik.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning to‘ng‘ich qizi – Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi raisining o‘rinbosari Saida Mirziyoyeva kutubxonani ta’mirlash jarayonida aniqlangan topilma haqida ma’lumot berdi.
“Rekonstruksiya mobaynida g‘ishtin devorlarning ortida ajoyib ustunlarning go‘zalligini ko‘rib qanchalik hayratda qolganimizni tasavvur qilavering. XIX asrda ular bino asl ko‘rinishining bir qismi bo‘lgan.
Bizga noma’lum sabablarga ko‘ra, 90-yillarning boshlarida ustunlar butunlay devor bilan o‘ralgan bo‘lib, ularning o‘rnida oddiy devor yaralgan va ustunlar bino rejasidan o‘chirilgan”, deydi Mirziyoyeva ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida.
Qayd etilishicha, hozirda ustunlar rekonstruksiyasi bo‘yicha faol harakatlar boshlandi.
“Ushbu kichik, ammo bizni ajablantirgan topilma bilan bo‘lishishni istadim. Bularning barchasi mamlakatimiz madaniy merosini asrab qolish istagida tashabbus ko‘rsatayotgan fuqarolarimizning qo‘llab-quvvatlashi va befarq emasligi natijasida amalga oshmoqda”, degan Saida Mirziyoyeva.
Eslatib o‘tamiz, Respublika bolalar kutubxonasi binosi Ludi Architects arxitektura byurosi tomonidan ta’mirlanmoqda. Loyihaning asosiy maqsadi hammaga foydalanish imkoniyatini beruvchi kutubxonani yaratishdan iborat.
LiveBarchasi