Safarini Ispaniyadan boshlagan “Afrosiyob” O‘zbekistonga yetib keldi
Jamiyat
−
25 iyul 2021
4854Avvalroq Ispaniyadan olib kelinayotgan “Afrosiyob” tezyurar poyezdi vagon va lokomotivlari Rossiyaning Sankt-Peterburg shahridan O‘zbekistonga yo‘l olgani haqida xabar bergandik.
Kecha, 24 iyul kuni “Afrosiyob” zamonaviy poyezdi Rossiya hamda Qozog‘iston davlatlari orqali 4200 km masofani bosib o‘tib, O‘zbekistonga kirib keldi. Bu haqda “O‘ztemir yo‘lyo‘lovchi” Matbuot xizmati xabar qildi.
“Toshkent markaziy temir yo‘l vokzalida ushbu poyezd soha mutaxassislari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari tomonidan ko‘tarinki kayfiyatda kutib olindi”, deyiladi xabarda.
Ma’lumot uchun, “Afrosiyob” poyezdlarini sotib olish masalasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasining 2021-2023 yillarga mo‘ljallangan investitsiya dasturini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida keltirib o‘tilgan.
Unga ko‘ra, 2021 yilning dekabriga qadar “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ ikkita yuqori tezlikda harakatlanuvchi Talgo-250 rusumli yo‘lovchi elektr poyezdi hamda 4 ta “ekonom” toifali vagon xarid qiladi.
Mazkur qarorga muvofiq, 2021 yilda yirik ishlab chiqarish ob’ektlari va quvvatlarini ishga tushirish bo‘yicha manzilli dasturda “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ uchun jami investitsiyalar hajmi 696,2 million AQSH dollarini tashkil qiladi.
LiveBarchasi