O‘sh hokimi Sadir Japarovdan qattiq tanbeh oldi
Olam
−
16 Sentabr 13793 2 daqiqa
Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov O‘sh shahar hokimi Jenishbek Toktorboyevga qattiq tanbeh berdi. Bu haqda Prezident ma’muriyati matbuot xizmati bugun, 16 sentyabr kuni xabar berdi.
Tegishli farmoyish Prezident Sadir Japarov tomonidan imzolandi.
Unga ko‘ra, mamlakat Konstitutsiyasining 71-moddasi, Prezidentning 2025 yil 4 iyundagi 175-sonli “Siyosiy davlat lavozimlari, maxsus davlat lavozimlari va siyosiy munitsipal lavozimlar to‘g‘risida”gi farmonining 2-qismi 8-bandiga muvofiq, shuningdek, Qirg‘iziston Respublikasi Mehnat kodeksining 88-moddasi 1-qismi 3-bandi bilan odob-axloq qoidalarini buzgan holda o‘z zimmasiga yuklangan vazifalarni to‘g‘ri bajarmagani uchun Jenishbek Shermamatovich Toktorboyevga qattiq tanbeh e’lon qilingan.
Ma’lumot uchun, Toktorboyev ushbu lavozimga 2025 yil 23 yanvarda tayinlangan edi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qirg‘izistonning Shopokov shahar hokimligi mansabdor shaxslariga tovar yetkazib berish va xizmatlar ko‘rsatish bo‘yicha davlat xaridlarini o‘tkazish tartib-taomillarini o‘tkazishda korrupsiyaga yo‘l qo‘yganlik holatlari yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgandi. Qirg‘izistonning Bishkek shahri hokim o‘rinbosari Taalaybek Boygaziyev ham pora olishda gumonlanib, hibsga olingandi. Shuningdek, To‘qmoq shahri hokimi Maqsad Nusuvaliyev hokimlik yig‘ilishi paytida Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi rahbari Qamchibek Toshiyevning buyrug‘i bilan hibsga olingandi. Bundan tashqari, Qirg‘izistonning Bishkek shahar Pervomay tuman sudining 2025 yil 15 avgustdagi qarori bilan mamlakat IIV Tergov xizmati tergovchisining iltimosnomasi asosida Issiqko‘l tumani hokimi Japarbek O‘rmonov ham hibsga olingandi.
Live
Barchasi