“Sadaqa so‘ragani kelganimiz yo‘q”. JAR rahbari Putinni don yo‘lagini ochishga chaqirdi

Olam

image

Janubiy Afrika Prezidenti Siril Ramafosa Rossiya rahbari Vladimir Putinni g‘alla bo‘yicha kelishuvni davom ettirishga chaqirdi. Bu haqda u Sankt-Peterburgda Putin va Afrika davlatlari delegatsiyalari rahbarlarining Ukraina masalalari bo‘yicha uchrashuvida so‘z ochdi.

Ramafosaning aytishicha, Afrika Putin va’da qilgan tekin g‘alladan ko‘ra ko‘proq tijorat doniga muhtoj.

"Biz don yo‘lagi kelishuvini amalga oshirishni taklif qildik. Qora dengizni ochish zarurligi haqida gapirdik. Qora dengizning jahon bozorlariga ochiq bo‘lishini xohlashimizni aytdik. Va biz bu yerga "sadaqa" so‘rash uchun kelganimiz yo‘q. Biz, albatta, saxiylik bilan ma’lum qiyinchiliklarga duch kelayotgan ba’zi Afrika mamlakatlariga don berishga qaror qilganingizni tushunamiz. Biz buni juda hurmat qilamiz. Biroq bunday turdagi yetkazib berishga erishish bizning bu yerda asosiy maqsad va vazifamiz emas", degan Ramafosa Putinga.

Shundan so‘ng, uchrashuv yopiq eshiklar ortida davom etgan. Rossiya Prezidenti Ramafosaga nima deb javob bergani hozircha noma’lum.

Shuningdek, Siril Ramafosa Ukrainadagi urush tinch yo‘l bilan yakunlanishi kerakligini aytgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu har ikki tomon manfaatlariga to‘g‘ri keladi.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 17 iyul kuni Rossiya tomoni Qora dengizdagi gumanitar yo‘laklar orqali Ukraina g‘allasini xavfsiz eksport qilish bo‘yicha kelishuvni uzaytirmagan va buni Istanbul kelishuvining ikkinchi qismi bajarilmagani bilan izohlagandi. Rossiya-Afrika iqtisodiy va gumanitar forumida so‘zlagan Putin esa Rossiya yaqin oylar ichida Afrika davlatlariga donni tekinga yetkazib berishini aytdi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Afrika Putin don yo'lagi Ramafosa

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing