Saakashvilining aqli zaiflashdimi? Uni ozod qilish bo‘yicha sud boshlandi

Olam

image

Gruziyaning sobiq Prezidenti Mixail Saakashvilini sog‘lig‘i sababli ozod qilish haqidagi arizani ko‘rib chiqqan Tbilisi shahar sudining uchinchi yig‘ilishi kecha, 9 yanvar kuni yakunlandi, navbatdagi sud majlisi 11 yanvarga belgilangan. Bu haqda Gruziyaning “Interpressnews” agentligi xabar berdi. 

Uchrashuv yakunida Saakashvilining advokati Shalva Xachapuridze tinglovlarni har kuni o‘tkazishni iltimos qildi, chunki jarayonda ko‘p sonli guvohlar so‘roq qilinishi kerak, shuningdek, Saakashvilining ahvoli og‘ir. Biroq sudya Georgiy Arevadze har kuni sud majlisini o‘tkazishga jismonan ulgurmasligini ro‘kach qilib, bu talabni rad etdi. 

9 yanvar kuni bo‘lib o‘tgan sud majlisida amerikalik nevrolog Shaxin Emmanuel Laxan video havola orqali guvohlik berdi. U boshqa ekspertlarning Saakashvilining ahvoli og‘irligi va unga malakali yordam kerakligi haqidagi gaplarini tasdiqladi. Laxan sobiq Prezidentning aqli zaifligiga e’tibor qaratdi va Saakashvilining bir necha bor hushidan ketganini, bu epilepsiya alomati bo‘lishi mumkinligini aytdi. 

Saakashvilining o‘zi sud ishida qatnashmaydi. “Vivamed” klinikasi direktori Zurab Chxaidzening tushuntirishicha, sobiq Prezident sog‘lig‘i sababli sudda qatnasha olmaydi. Chxaidzening fikricha, bu unga qo‘shimcha jismoniy va ruhiy yuk bo‘ladi. Sud binosi yaqinidagi uchrashuvga parallel ravishda Saakashvilining tarafdorlari uni ozod etish talabi bilan norozilik aksiyasi o‘tkazdi. 

Avvalroq “Empatiya” nodavlat tashkiloti ekspertlari Saakashvilining tanasida og‘ir metallar, jumladan simob izlarini aniqlagan edi. Ularning so‘zlariga ko‘ra, siyosatchiga qamoq jazosi bilan mos kelmaydigan o‘nta tashxis qo‘yilgan. Gruziya Adliya vazirligining maxsus jazoni ijro etish xizmati Saakashvilidan olingan testlar zaharli moddalar yo‘qligini ko‘rsatganini ma’lum qildi. Gruziya rasmiylarining pozitsiyasi shundaki, Saakashvili simulyatsiya qilmoqda. 

Saakashvili 2021 yil oktyabr oyida bo‘lib o‘tadigan munitsipal saylovlardan bir kun oldin Gruziyaga yashirincha kelgan, shundan so‘ng u hibsga olinib, Rustavi shahridagi qamoqxonaga joylashtirilgan. U o‘zini siyosiy mahbus deb atab, ochlik e’lon qildi. Sobiq Prezidentning sog‘lig‘i yomonlashganidan keyin u qamoqxona shifoxonasiga, keyinroq esa harbiy gospitalga o‘tkazildi. 2021 yil dekabrida Saakashvili jazoni Rustavi qamoqxonasida o‘tashni davom ettirdi, biroq may oyida u Tbilisidagi “Vivamed” xususiy klinikasiga olib borildi va shu kungacha o‘sha yerda qolmoqda. Sobiq Prezident qamoqxonada og‘ir xastalikka chalinganini bir necha bor ta’kidlagan.


Maqola muallifi

Teglar

Mixail Saakashvili

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing