Saakashvili Hukumatga hiyla qilyaptimi? Shifokorlar uning sudda qatnashishiga ruxsat bermayapti

Olam

image

Shifokorlar sog‘lig‘i holatini bahona qilib, Gruziyaning sobiq prezidenti Mixail Saakashvilini 28 noyabr kuni bo‘lib o‘tadigan sudda ishtirok etish uchun shifoxonadan chiqishiga ruxsat bermadi. 

Birlashgan milliy harakat (BMH) partiyasida shifokorlarning bunday qarorga kelish sabablari haqida turlicha fikrlar bildirildi. Ayrim partiya vakillarining aytishicha, shifokorlar sobiq prezidentni olib ketish oqibatlari uchun javobgarlikni o‘z zimmalariga olmaydilar. 

BMHning yana bir qismi, jumladan, partiya raisi Nika Meliya shifokorlar hukumatning ko‘rsatmalari asosida harakat qilganiga ishonch bildirdi. Xususan, sobiq prezidentning partiyadoshlariga ko‘ra, hukmron partiya odamlar Saakashvilini nogironlar aravachasida ko‘rishidan va sobiq prezident tarafdorlari bir necha oydan beri gapirayotgan haqiqatga ishonch hosil qilishidan cho‘chigan. 

“Agar u sud zalida paydo bo‘lsa, uning sog‘lig‘i Ivanishvili tizimi tomonidan buzilgani ma’lum bo‘ladi”, deydi Meliya jurnalistlarga. 

Eslatib o‘tamiz, hukmron "Gruziya orzusi" asoschisi, milliarder Bidzina Ivanishvili siyosatdan deyarli ikki yil oldin rasman nafaqaga chiqqan edi. Ammo, raqiblarining fikricha, u mamlakatni “parda ortidan” boshqarishda davom etmoqda. 

Rasmiylar tomonidan qidiruvga berilgan Mixail Saakashvili Gruziyaga 2021 yil 29 sentyabrda yashirincha kelgan va 1 oktyabrda hibsga olingan. Bungacha Tbilisi sudi sobiq prezidentni mansab vakolatini suiiste’mol qilishda ayblab, sirtdan hukm chiqargan edi. Saakashvili o‘ziga qo‘yilgan barcha ayblovlar siyosiy sabablarga ko‘raligi va u “Putinning shaxsiy mahbusi” ekanini da’vo qilmoqda. 

Saakashvili qamoqda o‘tirgan bir yil davomida ikki marta ochlik e’lon qilgan. Natijada, unga anoreksiya, bir qator oziq-ovqatlarga toqat qilmaslik va stressdan keyingi depressiya fonida mushak massasining pasayishi tashxisi qo‘yilgan. May oyidan beri Saakashvili Tbilisidagi xususiy shifoxonada hibsda saqlanmoqda. Sobiq prezidentning tarafdorlari Gruziyada unga tashxis qo‘yilgan kasalliklarni davolashda yetarlicha tajriba yo‘qligini ta’kidlab, uni xorijga ko‘chirishni talab qilmoqda, ular aytishlaricha, unga tegishli tibbiy yordam ko‘rsatish mumkin. Mixail Saakashvilining sog‘lig‘i haqidagi tibbiy xulosa yakuniy bo‘lgach, uning advokatlari sobiq prezidentni hibsdan ozod etish yoki muhlat berishni talab qilib, sudga borish niyatida. 

Gruziya Ombudsmani Nino Lomjariya 28 noyabr kuni Saakashvilini ko‘rgani shifoxonaga bordi. U Gruziyaning sobiq prezidentining sog‘lig‘i sezilarli darajada yomonlashganini tasdiqladi. 

“Saakashvili – yura olmaydigan, deyarli ikki oydan beri yotib, o‘tira olmaydigan, organizmning normal ishlashi uchun yetarli bo‘lmagan kichik dozalarni iste’mol qiladigan, bir necha oy davomida isitmasi ko‘tarilgan, gapirishga qiynaladigan og‘ir kasal bemor. Biz juda qisqa suhbatlashdik, chunki u juda charchagan edi. Shifokorlar uning ahvoli yaxshilanmayotganini tasdiqlashdi, aksincha, teskari tendensiya mavjud. O‘ylaymanki, jamoatchilik bundan xabardor bo‘lishi kerak”, deydi Ombudsman. 

Hukmron “Gruziya orzusi” avvaliga muxolifatning Saakashvilining sog‘lig‘i yomonlashgani haqidagi da’volariga ishonmagan bo‘lsa-da, so‘nggi bir necha yil ichida hokimiyatdagi partiya vakillarining izohlari unchalik keskin bo‘lmagan. 

Ayni paytda “Gruziya orzusi” muxolifat Saakashvilining sog‘lig‘i bilan bog‘liq mavzudan siyosiy maqsadlarda foydalanishga urinayotganini da’vo qilmoqda. 

Saakashvili kasal bo‘lgan bir paytda Birlashgan milliy harakatda bo‘linish yuz berdi. Natijada partiyadagi turli guruhlar bir-biriga to‘g‘ri kelmaydigan, jumladan, Gruziyaning sobiq prezidenti haqida ham bayonotlar bermoqda. 

BMH raisligiga nomzodlardan biri Levan Xabeishvili Saakashvili tarafdorlarini 3 dekabr kuni Tbilisida Mixail Saakashvilini xorijga ko‘chirish talabi bilan miting o‘tkazishga chaqirdi. 

Shu bilan birga, BMH yetakchilaridan biri, Saakashvilining ishonchli odami, ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari moderatorlaridan biri Eka Xerxeulidze bunday miting o‘tkazishga qarshi chiqib, mamlakatning sobiq prezidenti sog‘lig‘i bilan bog‘liq vaziyatni siyosiylashtirmaslikka chaqirdi. 

“Mixail Saakashvili o‘zini siyosatdan uzoqlashtirmoqchi. U barcha tarafdorlaridan sog‘lig‘iga e’tibor qaratishni va bu masalani siyosat bilan bog‘lamaslikni so‘raydi”, deydi Xerxeulidze. 

Saakashvilining Gruziya siyosatiga qiziqishi yo‘qolgani va u butunlay Ukrainadagi voqealarga e’tibor qaratgani haqida avvalroq uning advokati, shuningdek, Gruziya sobiq prezidentining oila a’zolari aytgan edi. 

Shu bilan birga, Mixail Saakashvilining raqiblari uning Gruziya siyosatini tark etishga qaror qilganiga ishonmayapti. Ularning ta’kidlashicha, bu sobiq prezidentning hukumatni ishontirish uchun qilgan hiylasi.

AQSHning Gruziyadagi elchisi Kelli Degnan ommaviy axborot vositalariga bergan intervyularida Saakashvilining hibsga olinishi masalasiga bir necha bor izoh berib, Gruziyaning sobiq prezidenti, qamoqdagi har qanday fuqaro singari, mamlakat konstitutsiyasi bilan kafolatlangan barcha huquqlaridan foydalanishi Qo‘shma Shtatlar uchun muhimligini ta’kidladi. Degnan Qo‘shma Shtatlar Mixail Saakashvilining sog‘lig‘ini kuzatishda davom etishini aytdi. 

“Saakashvili Gruziyaning har bir fuqarosiga munosib bo‘lgan va Gruziya Konstitutsiyasida kafolatlangan narsalarni olishi uchun biz bu yo‘nalishdagi monitoringni davom ettiramiz”, deydi elchi.


Maqola muallifi

Teglar

Mixail Saakashvili

Baholaganlar

17

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing