“SES” veb-sayti “vzlom” bo‘ldi. Xaker dasturchilarga xat qoldirdi
Jamiyat
−
24 yanvar 2023
16925Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmatining rasmiy veb-sayti xakerlar hujumiga uchradi. Bu haqda Sanepidxizmat Matbuot xizmati ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, xakerlar hujumi bugun, 24 yanvar kuni uyushtirilgan.
“Ayni paytda sayt faoliyatini qayta tiklash uchun texnik ishlar amalga oshirilmoqda hamda sayt xavfsizligini yanada mukammallashtirish choralari ko‘rilmoqda”, deyiladi Sanepidxizmat xabarida.
Veb-sayt @yetimdasturchi niki bilan ishlaydigan xaker tomonidan buzilgan bo‘lib, u sayt mas’ullariga xat ham qoldirib ketgan. Unining yozishicha, mazkur saytni 4 kun davomida kuzatgan va sayt dasturchisiga tizimning xatolari haqida elektron xat yuborgan. Biroq bu xatga nisbatan hech qanday javob bo‘lmagan, xatolik ham tuzatilmagan. Shundan so‘ng u saytni buzib kirgan.
“Men ertangi kunda boshqa mamlakatlar oldida o‘zbek dasturchilari qiyshiq qo‘llar bilan kod yozadi degan gaplar bo‘lishini istamayman. Saytga zarar yetkazilmadi, chunki birovning mehnatini qadrlayman. Faqat iltimos, bunday kulguga qoladigan xatoliklarni qilmasangiz. Har holda kichik tashkilot sayti emas bu”, deb yozadi xaker.
Eslatib o‘tamiz, 2022 yilning noyabr oyida 14-16 yoshli o‘smir yigitlar Oliy Majlis Senatining rasmiy veb saytiga hujum uyushtirib, “Kiberxavfsizlik markaziga salomlar!” deya murojaat qoldirgan edi. Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Tergov departamenti Matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, saytni buzgan yigitlarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
O‘smirlar o‘z intervyularida bu ishni mas’ullarni ogohlantirish, ularni hushyorlikka chaqirish maqsadida qilganini ta’kidlagan.
Ozoda Choriyeva
LiveBarchasi