Ro‘yxatda O‘zbekiston ham bor: AQSH sudi 75 davlatga viza cheklovini bekor qildi
Olam
−
17:09 3837 2 daqiqa
AQSH federal sudi Prezident Donald Tramp ma’muriyatining O‘zbekiston ham kirgan 75 davlat fuqarolariga immigrant vizalarini berishni to‘xtatib qo‘ygan siyosatini noqonuniy deb topib, bekor qildi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.
Nashrning yozishicha, Sudya AQSH Davlat kotibi Marko Rubio mazkur siyosatni joriy etish orqali o‘zining qonuniy vakolatlaridan oshib ketganini ta’kidlagan.
Davlat departamenti tomonidan yanvar oyida joriy etilgan siyosat Braziliya, Kolumbiya, Urugvay, Bosniya va Gersegovina, Albaniya, Pokiston hamda Bangladesh kabi davlatlar fuqarolariga ta’sir ko‘rsatgan. Shuningdek, Afrika, Yaqin Sharq va Karib havzasidagi qator davlatlar ham ro‘yxatga kiritilgan.
AQSH hukumati mazkur cheklovni ushbu davlatlardan kelayotgan immigrant vizasi talabgorlarining AQSH federal, shtat va mahalliy resurslariga tayanib qolish xavfi yuqori ekani bilan izohlagan.
Sudya Vargas qarorda siyosat immigrant vizalarini talabgorning fuqaroligiga qarab ommaviy ravishda taqiqlagani AQSH immigratsiya qonunchiligida belgilangan tartibga zid ekanini qayd etgan. U Davlat kotibining konsullik xodimlariga immigrant vizalarini ko‘rib chiqishni bunday tarzda to‘xtatish vakolatiga ega emasligini bildirgan. Qaror immigrantlar huquqlarini himoya qiluvchi tashkilotlar hamda vizaga murojaat qilgan shaxslar va AQSH fuqarolari tomonidan berilgan da’vo doirasida chiqarilgan.
Sudyaning qarori Tramp ma’muriyatining immigratsiya siyosatiga qarshi navbatdagi muhim sud qarori bo‘ldi. Ma’muriyat immigratsiya bo‘yicha qat’iy choralarni mamlakat xavfsizligini ta’minlash zarurati bilan izohlamoqda. Huquq himoyachilari esa ayrim choralar fuqarolarning konstitutsiyaviy huquqlariga zarar yetkazayotganini ta’kidlamoqda. Davlat departamenti hozircha sud qaroriga munosabat bildirmagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH Davlat departamenti 175 mingdan ortiq xorijlikning vizasini bekor qilgandi. Ularning aksariyati jinoyat sodir etgani yoki viza shartlarini buzgani sababli mamlakatga kirish huquqidan mahrum qilingani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi