Rustam Umarov ishini korrupsiyaga qarshi kurashdan boshlamoqchi

Olam

image

Ukrainaning yangi Mudofaa vaziri Rustam Umarov vazirlik faoliyatining barcha sohalarini tekshirishga va’da berdi.  Bu haqda “UNIAN” xabar berdi.

“Mudofaa vazirligi mudofaa strategiyasi va siyosatini shakllantirishning asosiy organidir. Bizning jamoamiz ushbu lavozimdagi dastlabki qadamlardan biri bo‘lib, Mudofaa vazirligiga tegishli bo‘lgan barcha sohalarda tekshiruv o‘tkazadi”, deydi Umarov.

Shuningdek, yangi lavozimida korrupsiyaga qarshi kurash olib borishini, poraxo‘r amaldorlarni terrorchilarga tenglashtirishini aytgan.

“Bizning rejamiz korrupsiya ko‘rinishlarini imkon qadar yo‘q qilishdir”, deya qo‘shimcha qilgan u.

Kecha, 6 sentyabr kuni Rustam Umarov Ukrainaning yangi Mudofaa vaziri etib tayinlangandi.

Ma’lumot o‘rnida, Rustam Umarov 1982 yilda Samarqandda Qrim yarim orolidan kelgan qrim-tatar musulmonlari oilasida tug‘ilgan. Otasi Anvar Umarov texnologik muhandis, onasi Maryam Umarova kimyo muhandisi bo‘lgan. Umarovlar oilasi 1944 yil 18 mayda sovet hukumati tomonidan qrim-tatar xalqi bilan birga o‘z vatanidan O‘zbekistonga deportatsiya qilingan. 2015 yilda Oliy Rada bu deportatsiyani qrim-tatar xalqining genotsidi deb tan olgan. 1980 yillarning oxiri va 1990 yillarning boshlarida Umarovlar oilasi Ukrainaga qaytgan.

Repatriatsiya (vataniga qaytgani)dan so‘ng, u Qrim gimnaziyasini “American Future Leaders Exchange” dasturi bo‘yicha stipendiya bilan tamomlagan. Milliy boshqaruv akademiyasida (Ukraina) iqtisod va moliya bo‘yicha o‘qigan.

2000 yillarda Umarov biroz advokatlik bilan ham shug‘ullangan. 2013 yilda ukasi bilan birgalikda ASTEM investitsiya kompaniyasi va ASTEM Foundation xayriya jamg‘armasiga asos solgan. 2019 yilda “Holos” partiyasidan Oliy Radaga saylangan. 2022 yildan beri u Ukraina Davlat mulk jamg‘armasi raisi vazifasida faoliyat yuritib keladi. 

Shuningdek, Umarov 2022 yilning bahorida Rossiya bilan muzokaralar olib borgan Ukraina delegatsiyasi a’zolaridan biri bo‘lgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq sobiq Mudofaa vaziri Aleksey Reznikov Ukrainaning Buyuk Britaniyadagi elchisi etib tayinlanishi mumkinligi haqida xabar bergan edik.


Maqola muallifi

Teglar

korruptsiya Ukraina Rustam Umarov

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

online_predictionLive

Barchasicall_made