Rustam Sa’diyev Abduxoliqovni pullarini bermayotganlikda aybladi

Madaniyat-san’at

image

Rustam Sa’diyev “Baron 2” filmi uchun buyurtma puli berilmay kelayotgani sabab O‘zbekiston Kinematografiya agentligini keskin tanqid qildi. Bu haqda rejissyor o‘zining Facebook sahifasida post yozgan.

“2022 yil iyul oyida filmni ko‘rib, qo‘shimcha epizodlar suratga olishinishi bilan film qahramoni obrazini yanada kuchaytirish topshirig‘i menga berildi. Badiiy kengash epizodlarni tasdiqlab, byudjet aniqlandi. Biz tomonimizdan smeta berildi. O‘zing olaver, pulini keyinroq beramiz, ish to‘xtamasin deyildi va men rahbarning erkak so‘ziga ishondim va bajardim”, deya yozgan rejissyor va prodyuser Sa’diyev.

Uning qayd etishicha, u filmni o‘zbek tiliga to‘liq tarjima qilish bo‘yicha ham smeta hujjatlarini topshirgan va yana o‘zi tanish-bilishlaridan qarz olib, ishni tugatgan.

“Yana o‘sha gap: beramiz, deyildi. Filmni amallab tugatdim. Kinoni rivojlantirish markaziga topshirdim. Yana katta vadalar bilan qabul qilib olishdi. Faqat ijtimoiy tarmoqlarda xar qanaqa tushunarsiz maqtanishlardan u yoqqa o‘tilmayapti”, degan rejissyor. 

U xalovati buzilgani, uyi eshigini filmni tugatish uchun olgan qarzlar egalari taqqilatib kelayotganini yozgan va o‘zini “Baron 2” filmidagi kaltaklangan qahramonlardan biriga o‘xshatgan. Shuningdek, O‘zbekiston Kinematografiya agentligini raisi Firdavs Abduholiqovga murojaat qilgan.

“Xammamiz uchun xurmatli Firdavs aka! ...so‘z berdingiz, 7 oydan beri isbotini kutyapman. Javob bering, yoki …o‘sha gap! Afsuski, bu holat bitta mening o‘zimda emas. Aybim shu filmni suratga olib, xalqimga yaxshi film taqdim qilganimmi?” deya qo‘shimcha qilgan u.

Rustam Sa’diyevning ta’kidlashicha, mazkur film kinoteatrlarda namoyish qilinib, kinoprokatdan uch milliard so‘m atrofida mablag‘ yig‘ilgan. Bu esa 30 yil davomida milliy kino tarixida bo‘lmagan ko‘rsatkich.

“Bilaman, bu xaqiqatlarni ochiq aytganim uchun Kinematografiya agentligi menga umuman film suratga olish uchun pul bermaydi. Mayli, roziman. Lekin bir kun kelib bu ishlaringizga, balki Prezidentimiz oldida javob javob berasizlar”, deb o‘z fikrlarini yakunlagan kinorejissyor.

Ma’lumot uchun, kinorejissiyor va prodyuser shu yilning 27 yanvar kuni ham Facebook’da shu mavzuda post yozib qoldirgan edi.

“Iltimos qilaman, agar sizlarda mening ijodimga zarracha hurmat qolgan bo‘lsa, meni prinsiplarimga qarshi qadam qo‘yishga majbur qilmang”, degandi u o‘shanda.


Maqola muallifi

Teglar

Rustam Sa'diev Baron 2

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing