Ruslarni o‘ldirish haqida gapirgan sobiq elchi xalqaro qidiruvga berildi
Olam
−
04 mart
13742Moskva sudi Ukrainaning Qozog‘istondagi sobiq elchisi Pyotr Vrublevskiyni dunyo bo‘ylab rossiyaliklarni o‘ldirish haqidagi chaqiriqlaridan keyin qo‘zg‘atilgan jinoiy ish doirasida sirtdan hibsga olishga ruxsat berdi. Bu haqda TASS xabar berdi.
Huquq-tartibot idoralarining aniqlik kiritishicha, ukrainalik diplomat federal va xalqaro qidiruvga berilgan.
"Rossiya Federatsiyasi Jinoyat kodeksining 282-moddasi 2-qismi “a” bandida nazarda tutilgan jinoyatni (nafrat yoki adovatni qo‘zg‘atish, shuningdek, inson qadr-qimmatini kamsitish) sodir etishda sirtdan ayblangan Pyotr Yurevich Vrublevskiyga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi doirasida uni xalqaro qidiruvga berish to‘g‘risida qaror chiqarildi”, deyiladi xabarda.
Bundan tashqari, Moskva sudi tergovning Ukraina fuqarosi Vrublevskiyga nisbatan Rossiya Federatsiyasi hududiga ekstraditsiya qilingan yoki ayblanuvchi mamlakat hududida hibsga olingan paytdan boshlab davrni hisoblab, ikki oylik muddatga qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasini tanlash haqidagi iltimosini qanoatlantirgan.
Sud ma’lumotlar bazasida ko‘rsatilishicha, tegishli qaror ustidan shikoyat qilinmagan. Pyotr Vrublevskiy haqidagi ma’lumotlar Rossiya Federatsiyasi Ichki ishlar vazirligining qidiruv ma’lumotlar bazasida ham keltirilgan. Rosfinmonitoring esa diplomatni fevral oyi boshida terrorchilar va ekstremistlar ro‘yxatiga kiritgan.
Tergovda aniqlanishicha, 2022 yil avgust oyida qozog‘istonlik bloger Dias Kuzairov bilan intervyuda Vrublevskiy Ukraina tomoni ruslarni qancha ko‘p o‘ldirsa, kamroq ukrainalik bolalar o‘lishini aytgan.
Shundan so‘ng, Qozog‘iston TIV rasmiy vakili Aybek Smadiyarov ukrainalik siyosatchi o‘z bayonotlari uchun Qozog‘iston Tashqi ishlar vazirligidan uzr so‘raganini bildirgan. Keyinchalik Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Vrublevskiyni o‘z lavozimidan chetlashtirdi.
LiveBarchasi