Ruminiyadagi yagona AES ham o‘chirildi

Olam

image

Ruminiya Dunay daryosidagi suv sathining rekord darajada pasayishi sabab mamlakatdagi yagona atom elektr stansiyasi – “Chernavode” AESning so‘nggi ishlayotgan reaktorini ham to‘xtatdi. Bu haqda “The Guardian” xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, Dunay suvi stansiya reaktorlarini sovitishda foydalaniladi. Qurg‘oqchilik oqibatida daryodagi suv hajmi keskin kamaygani sabab iyul oxirida birinchi reaktor, kecha, 13 avgust kuni esa ikkinchi reaktor ham o‘chirilgan. Uni kamida keyingi 10 kun ichida qayta ishga tushirish rejalashtirilmagan.

Har biri 706 megavatt quvvatga ega bo‘lgan ikki reaktor Ruminiya elektr energiyasi ishlab chiqarishining qariyb 20 foizini ta’minlab kelgan. Vaziyat ortidan mamlakat avgust oyi davomida energetik favqulodda holat e’lon qilib, aholi va korxonalarni elektr iste’molini kamaytirishga chaqirgan.

Reaktorlarning to‘xtashi qo‘shni Moldova uchun ham muammolarni kuchaytirmoqda. Mamlakat elektr energiyasi tanqisligining 60 foizigacha bo‘lgan qismini Ruminiyadan import qilinadigan elektr orqali qoplaydi. Endilikda Moldova Ukrainadan ko‘proq elektr xarid qilish, G‘arb davlatlaridan qimmatroq energiya sotib olish yoki elektr ta’minotida cheklovlar joriy etishga majbur bo‘lishi mumkin.

Ruminiya Energetika vazirligi elektr tanqisligini qoplash maqsadida qo‘ng‘ir ko‘mirda ishlovchi 330 megavattli issiqlik elektr stansiyasini ishga tushirganini ma’lum qilgan. Zarurat tug‘ilsa, yirik sanoat korxonalari faoliyatiga ham vaqtinchalik cheklovlar kiritilishi mumkin.

Qurg‘oqchilik Yevropadagi boshqa atom elektr stansiyalariga ham ta’sir ko‘rsatmoqda. Fransiyada AESlar ishlab chiqarish quvvati 20 foizdan ortiqqa qisqargan bo‘lsa, Vengriya Dunay suvi bilan sovitiladigan “Paksh” AESni to‘liq to‘xtatib qo‘ymaslik uchun maxsus choralar ko‘rmoqda.

Mutaxassislar Yevropadagi qurg‘oqchilik va suv tanqisligi inson faoliyati oqibatidagi iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq bo‘lishi mumkinligini, kelgusida bunday holatlar yanada ko‘payishi ehtimoli borligini ta’kidlamoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Vengriya Bosh vaziri Peter Madyar Dunaydagi suv sathining 44 yil ichida ilk bor rekord darajada pasayib ketishi sababli mamlakatdagi yagona “Paksh” AES faoliyati to‘xtatilishini e’lon qilgandi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing