Ruminiya Rossiya diplomatini mamlakatdan haydadi

Olam

image

Kecha, 27 iyul kuni Rossiya dronlari Ruminiya havo hududini bir necha bor buzgani ortidan mamlakat Rossiya elchixonasining bir diplomatini chiqarib yubordi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.

Ruminiya Tashqi ishlar vazirligining ma’lum qilishicha, ushbu qaror Rossiya elchisi Vladimir Lipayevga rasman yetkazilgan. Vazirlik diplomatning chiqarib yuborilishiga Ruminiya havo hududining dronlar tomonidan takroran buzilgani sabab bo‘lganini bildirgan.

Qayd etilishicha, joriy yilning 24 iyulidan buyon Ruminiya Harbiy-havo kuchlarining F-16 qiruvchi samolyotlari uch kun ichida mamlakat havo hududiga kirgan 3 ta dronni urib tushirgan. Bu hodisalar Rossiyaning Ukrainaga bergan zarbalari kuchaygan davriga to‘g‘ri kelgan.

Rossiya elchixonasi esa Ruminiya tomonining ayblovlarini rad etib, ularni “asossiz” deb atagan. Diplomatik vakolatxona bayonotida Rossiya hech qachon Ruminiya hududidagi nishonlarga dron yo‘naltirmagani ta’kidlangan.

Shuningdek, Rossiya elchixonasi Moskva Ruminiyaning ushbu qaroriga javob choralarini ko‘rishini bildirgan. Biroq hozircha qanday choralar qo‘llanilishi haqida ma’lumot berilmagan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Germaniya Rossiya elchixonasining harbiy attashesi o‘rinbosarini josuslik bilan shug‘ullangani uchun chiqarib yuborgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing