Ruminiya Mudofaa vazirining diplomlari soxta ekani fosh bo‘ldi

Olam

image

Ruminiya Mudofaa vazirining oliy ma’lumotga doir diplomlari soxta ekani aniqlangach, u o‘z lavozimidan iste’foga chiqdi. Bu haqda vazirning o‘zi kecha, 28 noyabr kuni Facebook'dagi sahifasida yozdi.

Ma’lum bo‘lishicha, Ruminiya Mudofaa vaziri Yunus Moshtyanu rezyumesidagi nomuvofiqliklar sabab iste’foga chiqishga majbur bo‘lgan. U bayonotida oliy ma’lumoti borasida “xato” qilganini tan olib, Mudofaa vaziri lavozimini tark etayotganini ma’lum qilgan.

“Ruminiya va Yevropa Rossiyaning bosimi ostida. Bizning milliy xavfsizligimiz har qanday sharoitda himoya qilinishi kerak. O‘zimning mashg‘ulotlarim yoki yillar avval yo‘l qo‘ygan xatolarim bugungi rahbarlarning og‘ir vazifasidan chalg‘itishini istamayman”, deb yozdi u.

Ruminiya Bosh vaziri Iliye Bolojan  Moshtyanuning Bosh vazir o‘rinbosari va Mudofaa vaziri lavozimlaridan iste’fosini qabul qilganini bildirdi. Hozirda Iqtisodiyot va turizm vaziri Radu Mirushe Mudofaa vazirligiga vaqtincha rahbar etib tayinlandi.
  
Xabarlarga ko‘ra, Moshtyanu rezyumesida o‘zini 1990 yillar oxirida Buxarestdagi “Athenaeum” universitetining menejment fakultetida tahsil olgan deb ko‘rsatgan. Jurnalistlar surishtiruvidan so‘ng universitet rahbariyati bunday talaba hech qachon mavjud bo‘lmaganini, bu mutaxassislik esa o‘quv dasturiga faqat 2020 yilda kiritilganini ma’lum qilgan.

Moshtyanu 27 noyabr kuni omma oldida uzr so‘rab, “o‘sha paytda bu tafsilotlarga unchalik e’tibor bermaganini” aytdi. U yashiradigan hech narsasi yoqligini ta’kidlab, “Bioterra” universitetining bakalavr diplomini ham e’lon qilgan. Oradan bir kun o‘tib esa u iste’foga chiqishini rasman e’lon qildi.

Eslatib o‘tamiz, Putinning “sunami chaqiruvchi” super quroli soxta ekanligi haqida xabar berilgandi. Unda, Rossiya Prezidenti Vladimir Putin “muvaffaqiyatli sinovdan o‘tdi” deb e’lon qilgan “Poseydon” yadroviy torpedasi Rossiya propagandasi da’vo qilganidek “radiaktiv sunami” hosil qilib, “dushman” davlatlar sohillarini yo‘q qila olmasligi, buni BMTning Qurollanishni tadqiq qilish instituti (Jeneva) katta ilmiy xodimi Pavel Podvig ma’lum qilgani aytilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya diplom Mudofaa vaziri Ruminiya soxta Moshtyanu

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing