Rubl qulamoqda. Rossiya moliya bozorida vaziyat qanday?
Tahlil
−
13 iyun
30580AQSH Rossiyaning Milliy bayrami – 12 iyun "Rossiya kuni" munosabati bilan “sovg‘a” tayyorladi. Ushbu "sovg‘a" ko‘p kuttirmay o‘z ta’sirini ko‘rsata boshladi. Iqtisod fanlari doktori, professor To‘lqin Boboqulovning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya “Chuchxe nazariyasi”dagi mamlakatga o‘xshab qolmoqda. Xo‘sh, Rossiya moliya bozori nimalarni boshdan kechirmoqda va buning O‘zbekistonga qanday ta’siri bor?
Yangi sanksiyalar paketi va Moskva birjasidagi holat
Amerika Qo‘shma Shtatlari 12 iyun kuni Rossiyaga yangi sanksiyalar paketini joriy qildi. Ushbu paket Moskva birjasi, Milliy kliring markazi va Milliy hisob-kitob depozitariysi, shuningdek, 300 ga yaqin kompaniya va tashkilotlarga nisbatan sanksiyalarni o‘z ichiga olgan. AQSH Moliya vazirligi ushbu paket Rossiya moliya tizimining arxitekturasini nishonga olgani, mudofaa sanoatiga sarmoya kiritish va Ukrainaga qarshi bosqinni davom ettirish uchun zarur bo‘lgan tovarlarni sotib olishni cheklashga qaratilganini aytdi.
Moskva birjasi va Markaziy bank Rossiyada dam olish kuni bo‘lishiga qaramay, yangi sanksiyalar ro‘yxati e’lon qilinganidan keyin bir soat ichida bayonot bilan chiqdi va Moskva birjasida dollar va yevroda savdo qilish taqiqlanishini e’lon qildi.
“AQSH tomonidan Moskva birjasiga nisbatan cheklov choralari kiritilishi munosabati bilan birja savdolari va eksport bo‘yicha AQSH dollari va yevrodagi hisob-kitoblar to‘xtatildi”, deyiladi Rossiya Markaziy banki xabarida.
RBK nashrining yozishicha, Moskva birjasi may oyidayoq ushbu 2 valyutada savdo qilishni to‘xtatgan, saytdagi operatsiyalarning yarmidan ko‘pi yuanda amalga oshirilgan. Rossiya Markaziy banki AQSHning Moskva birjasiga qarshi sanksiyalari valyuta bozorida faqat savdo tuzilmasini o‘zgartirishi, eksportdan chet el valyutasi tushumlari hajmiga va unga bo‘lgan talabga ta’sir qilmasligini bildirdi, lekin rubl kursi sezilarli darajada pasaydi.
Rossiya milliy valyutasi qulashda davom etadi
"Reuters" agentligi xabariga ko‘ra, AQSHning yangi sanksiyalari haqidagi yangilikdan so‘ng, ba’zi banklar darhol dollar kurslarini ko‘tardi. Norvik Banki 1 dollarni 50 rublga sotib olishini, lekin 1 dollarni 200 rublga sotishini ma’lum qildi. Ammo birozdan so‘ng stavkalarni 88,20/97,80 ga o‘zgartirdi. Bu vaqtda Sifra Bank dollarni 89 rubldan sotib olib, 120 rubldan sotayotgan edi. Boshqa yirik banklar sotib olish va sotish kurslarini 6-7 rubllik farq bilan belgiladi.
Iqtisod fanlari doktori, professor To‘lqin Boboqulovning QALAMPIR.UZ'ga aytishicha, rubl qadrsizlanishda davom etadi.
“Men bu haqda ancha avval ham aytgan edim. Rossiya rubl kursini barqaror ushlab turolmaydi. Mamlakat rasmiy zaxiralarining yarmi muzlatib qo‘yilgan, Rossiyaga yetakchi valyutalarni olib kiruvchi barcha kanallar yopildi. Bunday sharoitda rublni qadrsizlanishdan hech kim to‘xtatib qololmaydi. Rossiya bora-bora Shimoliy Koreya diktatori yaratgan “Chuchxe” mafkurasiga tushib qoldi. Ya’ni davlat o‘zida mavjud narsalar bilan kun ko‘radi, tashqaridan hech narsa kelmaydi. Shu ma’noda, Rossiya xalqini kelajakda jiddiy va og‘ir muammolar kutib turibdi”, deydi professor To‘lqin Boboqulov.
"Reuters" agentligining yozishicha, rossiyaliklar pullarini dollarda saqlashni afzal ko‘radi va banklardan faol ravishda dollar sotib oladi. Chunki, Rossiya aholisi rubldan farqli ravishda dollarni ishonchli va barqaror valyuta, deb biladi.
“Ta’kidlash joizki, xalqaro valyuta bozori ham, dunyoning aksariyat davlatlarining ichki valyuta bozorlari ham birjadan tashqari hisoblanadi. Valyutalarning birja savdosi milliy valyutaning konvertatsiya qilinishi, xorijiy valyutalarning erkin muomalasi va bozor kursini shakllantirishning zaruriy sharti emas. Kompaniyalar va jismoniy shaxslar Rossiya banklari orqali AQSH dollari va yevroni sotib olish va sotishda davom etishi mumkin. Fuqarolar va kompaniyalarning hisob raqamlari va depozitlaridagi AQSH dollari va yevrodagi barcha mablag‘lar xavfsiz bo‘lib qoladi", deyiladi xabarda.
O‘zbekistonga qanday ta’siri bor?
Professor To‘lqin Boboqulovning so‘zlariga ko‘ra, rubl kursining qulashi, Moskva birjasida dollar va yevroda savdo qilishga cheklov kiritilishi O‘zbekiston valyutasiga ta’sir ko‘rsatmaydi.
“Rossiya O‘zbekiston bilan savdoda allaqachon dollardan voz kechib, rubl bilan muomala qilmoqda. Rossiyadagi migrantlar ham pul o‘tkazmalarini rublda amalga oshirmoqda. Agar Rossiya dollar bilan savdo qilganda edi, so‘nggi yangilik O‘zbekistonning so‘m kursi uchun bir qancha xavotirlarni keltirib chiqarar edi. Ammo rubl kursining qulashi eksportchilarga zarar keltirishi mumkin. Rossiya bozori O‘zbekiston uchun qulay bozor bo‘lmaydi”, deydi iqtisodchi Boboqulov.
Bundan tashqari, rubl kursining o‘zgarishi o‘zbekistonlik migrantlarning daromadlari kamayishiga olib kelishi mumkin. Umuman olganda, O‘zbekistonga Rossiyadan pul o‘tkazmalari miqdori kamaygan.
Joriy yilning 25 aprel sanasida O‘zbekiston Markaziy banki raisi Mamarizo Nurmurodov O‘zbekistonga Qozog‘iston va Rossiyadan amalga oshiriladigan pul o‘tkazmalari miqdori birgalikda 84 foizgacha pasayganini ma’lum qilgan edi. Rossiyadan keladigan pul o‘tkazmalari ulushi umumiy pul o‘tkazmalarining 68 foizini tashkil etib, o‘tgan yilgiga nisbatan ancha kamaygan.
LiveBarchasi