“Ruhiy zarba”. Milliy sertifikat imtihonlari limiti bo‘yicha tushuntirish berildi
Jamiyat
−
18:47 2095 2 daqiqa
Joriy yil 17 sentyabran 18 sentyabrga o‘tar kechasi O‘zbekistonda milliy sertifikat imtihonlari uchun ro‘yxatdan o‘tish imkoniyati ochilgan, biroq imtihonga kiruvchi talabgorlar bo‘yicha limit juda tez to‘lib qolgan. Bu holat ijtimoiy tarmoqlarda turli muhokamalarga sabab bo‘ldi. O‘qituvchi-repetitorlardan biri esa bu vaziyat “ruhiy zarba” bo‘lganini yozdi. Mazkur holat yuzasidan Bilim va malakalarni baholash agentligi munosabat bildirdi.
Qayd etilishicha, sertifikat imtihonlariga tashkiliy jihatdan sifatli, benuqson tayyorgarlik ko‘rish, o‘tkazishda adolat, shaffoflik va talabgorlar uchun yetarli shart-sharoit yaratish, natijalarni belgilangan muddatlarda e’lon qilishni ta’minlash maqsadida Vazirlar Mahkamasining-2026 yil 29 iyuldagi 411-son qarori bilan “Umumta’lim fanlarini bilish darajasini aniqlash va sertifikat berish tartibi to‘g‘risida”gi nizomga tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilgan.
Aynan mazkur o‘zgartirishlarga muvofiq, test sinovlarini o‘tkazish joyi, muayyan hududlar bo‘yicha o‘tirish o‘rinlari soni hamda imtihon sanalari belgilanadi. Shundan kelib chiqqan holda 2026 yilning ikkinchi yarmi uchun, ya’ni sentyabr oyida 125 ming 753 ta, oktyabr oyida 129 ming 535 ta, noyabr oyida 112 ming 335 ta va dekabr oyida 128 ming 680 ta, jami 496 ming 303 ta o‘tirish o‘rni belgilangan.
Shu bilan birga, milliy sertifikat imtihonlarini o‘tkazish davriyligi ham oshirilmoqda. Xususan, 2026 yil sentyabr-dekabr oylarida matematika, kimyo, geografiya, biologiya, fizika, ona tili va adabiyot hamda tarix fanlaridan 2 martadan, huquqshunoslik fanidan 1 marta, jami 15 ta imtihon o‘tkazilishi rejalashtirilgan (2025 yil-sentyabr-dekabr-oylarida jami 11 ta imtihon o‘tkazilgan bo‘lib, ularda 255 ming 217 nafar talabgor ishtirok etgan).
Bildirilishicha, hududlar kesimida o‘tirish o‘rinlarini belgilash talabgorlarning imtihonda ishtirok etishini cheklash, to‘lovlarni kamaytirish yoki yuqori natija ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan talabgorlar sonini sun’iy ravishda qisqartirish maqsadini ko‘zlamaydi. Mazkur tartibning maqsadi mavjud infratuzilma, texnik vositalar, xodimlar va nazorat resurslaridan oqilona foydalangan holda imtihonlarni barqaror va sifatli tashkil etish, hududlar bo‘yicha yuklamani maqbul taqsimlash hamda natijalarni belgilangan muddatlarda e’lon qilishni ta’minlashdan iborat.
Live
Barchasi