Rosstat migrantlar haqida statistik ma’lumotlar berishni to‘xtatdi
Olam
−
14:06
2067Rossiya Federal Davlat statistika xizmati (Rosstat) migratsiya va Rossiya aholisining umumiy soni bo‘yicha oylik ma’lumotlarni e’lon qilishni to‘xtatdi. Bu haqda demograf Aleksey Raksha kecha, 31 oktyabr kuni o‘zining Telegram-kanalida xabar berdi.
U o‘z kanalida tegishli ko‘rsatkichlarni o‘z ichiga olmagan Rosstatning 2024 yilning yanvaridan sentyabriga qadar Rossiyadagi ijtimoiy-iqtisodiy ahvoli haqidagi hisobotini joylashtirgan.
Hujjatning demografiyaga bag‘ishlangan blokida endi faqat tug‘ilish, o‘lim va aholining tabiiy qisqarishi haqidagi ma’lumotlar mavjud. Shu bilan birga, avgust oyida e’lon qilingan va 2024 yilning yanvaridan iyuligacha bo‘lgan davrni o‘z ichiga olgan shunga o‘xshash hisobotda “Aholi migratsiyasining umumiy natijalari” bo‘limi mavjud bo‘lib, unda Rossiyaga kelgan va Rossiyadan chiqib ketgan migrantlar soni ko‘rsatilgan.
Ushbu ma’lumotlarga ko‘ra, 2024 yilning ko‘rsatilgan davrida Rossiyaga 2 million 54 ming 167 nafar muhojir borgan, 1 million 978 ming 284 nafar migrant uni tark etgan. 2023 yilda Rossiyaga borganlar soni 2 million 202 ming 959 nafarni, ketganlar soni 2 million 63 ming 47 nafarni tashkil etgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiya Ichki ishlar vazirining migratsiya siyosatini nazorat qilish bo‘yicha birinchi o‘rinbosari, politsiya general-polkovnigi Aleksandr Gorovoy bugungi kunda mamlakatda 739 ming noqonuniy migrant mavjudligi va ularning asosiy qismini O‘zbekiston, Qirg‘iziston, Armaniston va Ozarbayjon fuqarolari tashkil qilishini aytgandi. Gorovoyga ko‘ra, Rossiyadagi umumiy migrantlarning 9 foizi noqonuniy migrantlar hisoblanadi. Ularning umumiy soni so‘nggi to‘rt-besh yil ichida 30 foizdan oshgan. Hozirgi kunda Rossiyada 6 million 174 ming kishi chet el fuqaroligiga ega. Mamlakatda o‘z fuqarolari soni bo‘yicha birinchi o‘ntalikka esa O‘zbekiston, Tojikiston, Qirg‘iziston, Belarus, Ukraina, Armaniston, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Xitoy va Turkmaniston kiradi.