Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushida qatnashgan o‘zbekistonlik talabaga hukm o‘qildi

3-sahifa

image

Rossiya armiyasi tarkibida Ukrainaga qarshi harakatlarda ishtirok etgani uchun Farg‘ona viloyatining Qo‘shtepa tumanida yashovchi talaba yigitga sud hukm o‘qildi. QALAMPIR.UZ sud hujjatlari bilan tanishdi.

Sud hujjatlarida keltirilishicha, 2002 yilda Qo‘shtepa tumanida tug‘ilgan A.X. bundan ikki yil oldin – 2022 yilning 30 noyabr kuni Moskva shahriga o‘qishga ketgan. U yerda xususiy universitetlardan birida tahsil olayotgan A.X. moddiy manfaatni ko‘zlab, Rossiya armiyasi safiga qo‘shilgan. 2023 yil 23 avgustda u Rossiya Qurolli Kuchlari bilan oyiga 350-400 ming rubl maosh evaziga Ukrainaga qarshi jangovar harakatlarda qatnashish uchun bir yil muddatga shartnoma tuzgan. 2023 yil 13 oktyabrdan 2024 yil fevraligacha to‘rt oy davomida Lugansk va Donetskdagi jangovar harakatlarda qatnashgan.

Sud jarayonida A.X. aybini to‘liq tan olgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, 2021 yilning sentyabr oyi oxirida u Moskvadagi xususiy universitetga o‘qishga kirgan. O‘qish davomida mavsumiy ishlar bilan shug‘ullanib kelgan. Taxminan 2023 yilning yozida politsiya hujjatlari yo‘qligi sababli uni hibsga olgan va Moskva politsiya bo‘limiga olib ketgan. Unga Rossiyadan deportatsiya qilinishi, jinoiy ish qo‘zg‘atilishi ma’lum qilingan. Buning yechimi sifatida unga armiyaga borish taklif qilingan, Shuningdek, unga Rossiya fuqaroligi berilishi va’da qilingan. Yigit esa ixtiyoriy ravishda rozi bo‘lgan.

Politsiya xodimlari unga chaqiruv qog‘ozini bergan. U 2023 yil 17 avgustda Moskvadagi "Yablochko" chaqiruv punktiga chaqiruv qog‘ozi bilan borgan va Rossiya Qurolli kuchlari tarkibida Ukrainaga qarshi jangovar harakatlarda qatnashish uchun bir yillik shartnoma imzolagan. Ishga qabul qilish bo‘limida tibbiy ko‘rikdan o‘tgan va Moskva viloyatidagi vaqtinchalik saqlash lageriga jo‘natilgan. Shartnoma bo‘yicha yigitning oylik ish haqi 195 ming rubl, jangovar vazifalarni bajarishga qarab to‘lov 350-400 ming rubl atrofida bo‘lgan.

Shundan so‘ng A.X. Samara viloyatining Tolyatti shahridagi harbiy qismga yuborilgan. U yerda yigitga Rossiya Qurolli kuchlari harbiy guvohnomasi berilgan. Bir yarim oylik harbiy tayyorgarlikdan so‘ng u va boshqa askarlar 2023 yil 10 oktyabrda Rossiya-Ukraina chegarasi yaqinidagi lagerga jo‘natilgan. Yigit 13 oktyabrda Lugansk shahridagi jangovar harakatlarda qatnashish uchun yuborilgan.

“Men u yerda to‘rt oy jang qildim va 2024 yil 10 fevralda bizni Donetsk viloyatiga o‘tkazishdi. Janglar paytida olgan jarohatlarim tufayli 2024 yilning 26 fevraliga qadar Donetskdagi shifoxonada davolandim”, degan sudlanuvchi.

Keyin A.X. Tolyattidagi harbiy qismga qaytgan. Harbiy harakatlarda qatnashish uchun olingan mablag‘ga u Tolyatti shahridan mashina va kreditga kvartira sotib olgan. Bundan tashqari, u medal bilan taqdirlangan va Rossiya fuqaroligini olgan.

2024 yil 14 sentyabr kuni A.X. avtomashinani o‘z nomiga rasmiylashtirish uchun ruxsatsiz harbiy qism hududidan chiqib ketgan. Shundan so‘ng qo‘mondoni uni chaqirib, haqorat qila boshlagan. Bunga javoban A.X. shartnomani bekor qilish niyatida ekanini ma’lum qilib, mashinasida Qozog‘istonga, undan O‘zbekiston chegarasiga qaytib kelgan.

Joriy yilning 21 noyabr kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Qo‘shtepa tuman sudida bo‘lib o‘tgan sudda A.X. og‘ir saraton kasalligi tufayli onasining davolanishi va jarrohlik amaliyoti uchun zudlik bilan pul kerak bo‘lgani, o‘z aybiga iqror bo‘lib, qilmishidan pushaymonligini bildirgan va suddan jazoni yengillashtirishni so‘ragan.

Sud tomonidan A.X. Jinoyat kodeksining 154-moddasi (Yollanish) 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etishda aybdor deb topilgan va 5 yillik qamoq jazosiga hukm qilingan. Jinoyat kodeksining 72-moddasiga (Shartli hukm qilish) muvofiq, jazo 3 yil sinov muddati bilan shartli jazoga o‘zgartirilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiyaga ishlash uchun borib, u yerda moddiy manfaat evaziga Ukrainaga qarshi urushda qatnashgan o‘zbekistonlik 3 yilga ozodlikdan mahrum qilingandi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya o'zbekistonlik Ukraina

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing