Rossiyaning Ukrainadagi g‘alabasi NATO uchun asosiy xavfni olib keladi – Stoltenberg
Olam
−
10 iyul
4468Kecha, 9 iyul kuni NATO Bosh kotibi Yens Stoltenberg Vashingtonda boshlangan NATO Davlat va hukumat rahbarlari sammitida alyans davlatlari Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushda g‘alaba qozonishiga yo‘l qo‘ya olmasligini aytdi. Bu haqda alyans matbuot xizmati xabar berdi.
Ukrainadagi vaziyatni tahlil qilish va mamlakatni qo‘llab-quvvatlash mavzusi bilan boshlangan sammit kun tartibida Stoltenberg ittifoqchilarni Kiyevga nisbatan ko‘makni kuchaytirishga chaqirdi. Alyans rahbarining so‘zlariga ko‘ra, Moskvaning g‘alabasi katta xavflardan biri bo‘ladi.
“Ushbu urushning natijasi o‘n yilliklar uchun global xavfsizlik tizimini belgilab beradi. Yo‘qotish va xavf-xatarlarsiz g‘alaba qilishning imkoni yo‘q. Biroq eng katta xarajat va eng katta xavf – bu Rossiyaning Ukrainadagi g‘alabasi bo‘ladi. Biz bunga yo‘l qo‘ymasligimiz lozim”, degan alyans Bosh kotibi.
Uning qayd etishicha, Rossiya urushda g‘alaba qilsa, bu Prezident Putin, shuningdek, Eron, Shimoliy Koreya va Xitoydagi boshqa yetakchilarni ham ruhlantiradi.
“Erkinlik va demokratiyani himoya qilish vaqti keldi”, deya ta’kidlagan Stoltenberg.
Shu bilan birga, u Ukraina kabi yangi davlatlarni NATOga qabul qilishni davom ettirish tarafdori ekanligini eslatgan. Bosh kotibga ko‘ra, “Sovuq urush” tugaganidan keyin ittifoqning kengayishi Yevropani birlashtirib, integratsiyaga yo‘l ochdi va qit’aga tinchlik va farovonlik olib keldi.
“O‘sha paytdagidek, bugun ham aniqlik va qat’iyat borasida namuna ko‘rsatish kerak”, deydi u.
Ma’lumot uchun, NATO tashkil topganining 75 yilligi munosabati bilan o‘tkazilayotgan sammitda tashkilotning ittifoq geografiyasi uchun tahdid va xavflarga qarshi kurash va mudofaa sohasidagi sa’y-harakatlari haqida ham fikr almashiladi. Sammit 9-11 iyul kunlari davom etadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH Davlat departamentining yuqori martabali rasmiylaridan biri Ukrainaning NATO sammitida havo hujumidan mudofaa tizimlarini qo‘llash borasida yaxshi xabar olishini aytgandi. Shuningdek, Vashingtonda “No to NATO” faollar uyushmasi tomonidan alyans sammitiga qarshi norozilik namoyishi bo‘lib o‘tgani xabar qilingandi.
LiveBarchasi