Rossiyaning to‘qqizta hududi yirik dron hujumiga uchradi
Olam
−
10 Sentabr
21368Bugun, 10 sentyabrga o‘tar kechasi Rossiyaning to‘qqizta viloyati, shuningdek, anneksiya qilingan Qrimga uchuvchisiz samolyotlar tomonidan katta hujum uyushtirildi. Bu haqda hududlar rahbarlari ma’lum qildi.
Portlashlar Belgorod, Kursk, Oryol, Voronej, Tula, Kaluga, Lipetsk, Moskva viloyatlari va Krasnodar o‘lkasida sodir bo‘lgan.
Bryansk viloyati gubernatori Aleksandr Bogomaz Telegram’da Rossiya havo hujumidan mudofaa kuchlari unga ishonib topshirilgan hududda 59 ta “samolyot tipidagi uchuvchisiz uchish apparati”ni urib tushirganini yozdi.
RBK Ukrainaning yozishicha, yarim tundan keyin Bryansk jamoat sahifalarida yangi havo hujumi haqida xabarlar tarqala boshladi. Bundan tashqari, internetda dron zarbalari oqibatida sodir bo‘lgan portlashlar tasvirlari e’lon qilindi. Xususan, “Rosneft” yoqilg‘i quyish shoxobchasi yaqinida bitta dron portlagani xabar qilinmoqda, biroq aniq manzil ko‘rsatilmagan.
TASS axborot agentligi xabariga ko‘ra, Rossiya havo hujumidan mudofaa kuchlari tomonidan Tula viloyati uzra urib tushirilgan uchuvchisiz samolyot qoldiqlari yoqilg‘i-energetika inshootiga tushgan.
Bildirilishicha, jabrlanganlar yo‘q. Tula rasmiylari texnologik jarayon va iste’molchilarga resurslarni yetkazib berish to‘xtatilmaganini ma’lum qilgan.
Moskva viloyati gubernatori Andrey Vorobyov Telegram’da mintaqa uzra kamida 14 ta dron urib tushirilganini yozdi. Unga ko‘ra, Ukraina uchuvchisiz samolyotining Moskva viloyatiga uyushtirgan hujumi oqibatida bir ayol halok bo‘lgan, yana uch kishi jarohatlangan. Mahalliy jamoat sahifalarida Jukovskiy qishlog‘i va Lyubersi va Ramenskoye hududlarida eshitilgan oltita portlash tasvirlari e’lon qilindi.
Rossiya poytaxti meriyasi ma’lumotlariga ko‘ra, Ramenskiy tumanidagi turar-joy binosiga dron hujumi yong‘inga sabab bo‘lgan. Yong‘in binoning 11 va 12-qavatlarini qamrab olgan. Shahar meri Sergey Sobyanin voqea joyida qutqaruvchilar ishlayotganini ma’lum qildi.
Moskvaning barcha uchta aeroporti – Domodedovo, Vnukovo va Sheremetevo – o‘z veb-saytlarida aytilishicha, hujumlar paytida o‘z parvozlarini bekor qilgan.
9 sentyabr kuni kechki payt anneksiya qilingan Qrim yarimorolidagi Oktyabrskoye qishlog‘ida portlashlar sodir bo‘lgani haqida ma’lum bo‘ldi. Mahalliy aholining so‘zlariga ko‘ra, u yerda joylashgan Rossiya harbiylari Saki aerodromidan havo kemalarini uchirgan. Bundan tashqari, Rossiya kuzatuv kanallari Tarxankut burni yo‘nalishida va undan sharqda dronlar uchirilishi ehtimoli haqida xabar berdi.
Ayni paytda Rossiya Mudofaa vazirligi 10 sentyabr kuni ertalab Rossiyaning to‘qqizdan ortiq viloyati – Belgorod, Bryansk, Voronej, Kaluga, Kursk, Lipetsk, Moskva, Oryol va Tula viloyatlarida 144 ta samolyot tipidagi uchuvchisiz uchish apparati yo‘q qilinganini da’vo qilmoqda. Vazirlik o‘z hisobotida Krasnodar o‘lkasi va Qrimni anneksiya qilganini tilga olmagan va hujumda Ukrainani ayblagan.
LiveBarchasi