Rossiyaning Poltavaga zarbasi oqibatida 50 dan ortiq odam halok bo‘ldi

Olam

image

Bugun, 3 sentyabr kuni Rossiyaning Poltavaga raketa hujumi oqibatida Ukraina rasmiylariga ko‘ra, 50 dan ortiq odam halok bo‘ldi, 219 kishi jarohatlandi. Bu haqda mamlakat Bosh prokuraturasi va Poltava viloyati harbiy ma’muriyati ma’lum qildi.

Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy, dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, ikkita ballistik raketa bilan berilgan zarba ta’lim muassasasi va qo‘shni shifoxona hududiga tushganini ta’kidladi.

“Aloqa instituti binolaridan biri qisman vayron bo‘ldi, ko‘pchilik vayronalar ostida qolib ketdi. Men voqeaning barcha holatlarini to‘liq va tezkor tergov qilishni buyurdim. Zarbaga uchraganidan keyin birinchi daqiqalardan boshlab odamlarning hayotini saqlab qolishga yordam bergan har bir kishidan minnatdorman”, deb yozgan Zelenskiy.

Voqea joyidan olingan kadrlarga ko‘ra, Zelenskiy yozgan o‘quv muassasasi Telekommunikatsiya va axborotlashtirish harbiy instituti (sobiq Poltava oliy harbiy qo‘mondonlik aloqa maktabi).

Ukraina Mudofaa vazirligining xabar berishicha, signalizatsiya va raketalar yetib borishi orasidagi vaqt shunchalik qisqa bo‘lganki, odamlar bomba boshpanasiga yetib ulgurmagan.

Ichki ishlar vaziri Igor Klimenkoning so‘zlariga ko‘ra, qutqaruvchilar portlashdan keyin sodir bo‘lgan yong‘inni lokalizatsiya qilishgan, ular 25 kishini, ulardan 11 nafarini vayronalar ostidan saqlab qolishga muvaffaq bo‘lishgan.

“Fojia qurbonlari xotirasiga shahar hokimiyati 4 sentyabrdan boshlab uch kunlik motam e’lon qildi”, deydi Poltava viloyati harbiy ma’muriyati rahbari Filipp Pronin.

Germaniya va Buyuk Britaniya Tashqi ishlar vazirlari Annalena Berbok va Devid Lemmi Rossiyaning Poltavaga hujumini keskin qoraladi.

“Putin Ulan-Batorda bo‘lganida, Poltavaga ikkita raketa tushdi – bu paytda qutqaruvchilar allaqachon yaradorlarga yordam ko‘rsatayotgan edi. Putinning shafqatsizligi chegara bilmaydi. U javobgarlikka tortilishi kerak”, deb yozdi Berbok X ijtimoiy tarmog‘ida.

Muxolifatdagi Xristian Demokratik Ittifoqi rahbari Fridrix Merz Rossiyani harbiy jinoyatlarda aybladi.

“Bu oddiy harbiy harakat emas. Bu yana bir bor Ukrainaning tinch aholisiga qarshi sodir etilgan eng og‘ir urush jinoyatlaridir”, deydi u.

Siyosatchining so‘zlariga ko‘ra, “bu Ukraina va Rossiya o‘rtasidagi urush emas, balki Rossiyaning hech qanday xavf tug‘dirmaydigan xalqqa qarshi xalqaro huquqqa zid bo‘lgan tajovuzkor urushidir”.

“Putin keyingi harbiy harakatlar umidsizligini tan olgandagina muammo hal bo‘ladi”, dedi nemis muxolifati rahbari.

Oq uyning ta’kidlashicha, Rossiyaning Poltavaga raketa hujumi Ukraina havo hujumidan mudofaa tizimini zudlik bilan kuchaytirish zarurligini ko‘rsatadi. Oq uy Milliy xavfsizlik kengashining strategik aloqalar bo‘yicha koordinatori Jon Kirbi buni “Putinning Ukraina xalqiga nisbatan shafqatsizligining navbatdagi dahshatli eslatmasi” deb atadi. Uning qo‘shimcha qilishicha, Qo‘shma Shtatlar yaqin haftalarda Kiyevga qo‘shimcha harbiy yordam jo‘natadi.

Britaniya Tashqi ishlar vaziri Devid Lemmi Ukraina shahriga hujumni “dahshatli tajovuz” deb atadi.

“Rossiyaning Poltavaga bergan zarbalari Putinning Ukrainadagi dahshatli va noqonuniy urushidagi so‘nggi dahshatli tajovuzdir. Mening o‘y-xayollarim barcha qurbonlar va ularning yaqinlari bilan. Biz Ukraina bilanmiz”, deb yozgan u X'dagi sahifasida.

Ukraina Bosh prokuraturasi ma’lumotlariga ko‘ra, dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, Poltavaga zarba “Iskandar-M” raketalari bilan berilgan. Kechqurun shaharda 51 kishi halok bo‘lgani, 220 ga yaqin kishi yaralangani ma’lum bo‘ldi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Ukraina Poltava

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing