Rossiyaning qadamlari noto‘g‘ri – Erdo‘g‘an Putinga qo‘ng‘iroq qilmoqchiligini aytdi

Olam

image

Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi urushning ikki davlat xalqlari, mintaqa va butun dunyo uchun bahosi yaqqol ko‘rinib turibdi. Hech kim vaziyatni og‘irlashtirish va yuzaga keladigan zararni oshirish yo‘llarini izlamasligi kerak. Bu haqda Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an Nyu-Yorkda jurnalistlarga bergan intervyusida so‘z ochdi. 

Uning qayd etishicha, Turkiya Ukrainadagi vaziyatdan chiqish yo‘li masalasida umidini saqlab qolgan. So‘nggi mahbuslar almashinuvi bunga yaqqol misoldir.  

“Putin va Zelenskiy bilan muzokaralar natijasida 200 nafar harbiy asir almashildi. Turkiya vositachiligida erishilgan kelishuv, nazarimda, urushni tugatish yo‘lidagi muhim qadamdir. Biz uchun bu voqea dunyo uchun jiddiy umid manbaidir”, deydi Turkiya rahbari. 

Turkiya Prezidenti Anqara Ukrainadagi qon to‘kilishini to‘xtatish bo‘yicha sa’y-harakatlarini davom ettirishini ta’kidladi. 

U Rossiya va Ukraina rahbarlariga, shuningdek, mahbuslarni almashishni tashkil etishda harakat qilgan barchaga minnatdorlik bildirdi. 

Erdo‘g‘an diplomatik vositalar rasmiy Anqara siyosatining ustuvor yo‘nalishi bo‘lib kelganini va bundan keyin ham shunday bo‘lishini ta’kidladi.  

“Biz xalqaro huquq normalariga asoslanamiz, biz prinsipial pozitsiyalardan ishlaymiz. Jahon vositachisining o‘rni va jahon diplomatiyasidagi yetakchi mavqei bizni katta tashabbusdan foydalanishga majbur qiladi. Biz boshidanoq diplomatiya kuchiga ishonib, uning samaradorligini isbotladik”, deydi Erdo‘g‘an. 

Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi urushning birinchi kunidan boshlab Anqara harbiy harakatlarni to‘xtatish va Rossiya qo‘shinlarini Ukraina hududidan olib chiqib ketish tarafdori bo‘lganini eslatdi. 

“Samarqandda [Rossiya Federatsiyasi Prezidenti bilan] bo‘lib o‘tgan uchrashuvda biz yana bir bor shu masalaga e’tibor qaratdik. Anqara ham Rossiya va Ukraina rahbarlari, ham boshqa dunyo yetakchilari darajasida tinchlik kun tartibini ilgari surish uchun choralar ko‘rmoqda”, deydi Erdo‘g‘an. 

Turkiya rahbari AQSHdan Turkiyaga qaytgach, Ukraina bo‘yicha diplomatik sa’y-harakatlarni davom ettirish maqsadida hamkasblariga qo‘ng‘iroq qilishini aytdi. 

Shu bilan birga, u BMTning Ukrainadagi urushni tugatish borasidagi sa’y-harakatlari samarasizligidan afsusda ekanini bildirdi. 

“Qrim anneksiya qilingan 2014 yildan beri Turkiya Ukrainaning hududiy yaxlitligi, suvereniteti va siyosiy birligi tarafdori. Biz Rossiyaning bu boradagi qadamlari noto‘g‘ri va nomaqbul ekanligini ochiq e’lon qildik. Siyosiy, gumanitar va texnik masalalarda Anqara, albatta, Ukrainani qo‘llab-quvvatlaydi va muloqot kanallarini ochiq saqlashga intiladi. Bizning barcha sa’y-harakatlarimiz tinchlik va barqarorlikka qaratilgan. Biz uchun odamlarning hayoti muhim. Biz barcha inqirozli vaziyatlardan diplomatik yo‘l bilan chiqish tarafdorimiz”, deydi Erdo‘g‘an. 

Uning ta’kidlashicha, salbiy munosabat kutilgan natijani keltirmaydi: "Aksincha, o‘lim soni va vayronagarchilik ko‘lami oshadi". 


Maqola muallifi

Teglar

Rajab Toyib Erdo'g'an

Baholaganlar

245

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing