Rossiyaning ikki banki KXDRning kasriga AQSH sanksiyalariga duchor bo‘ldi
Olam
−
27 may 2022
14253Amerika Qo‘shma Shtatlari “Uzoq Sharq” banki va Samarada joylashgan “Sputnik” bankiga Shimoliy Koreyani ommaviy qirg‘in qurollari va ballistik raketa dasturlarini ishlab chiqishda moliyaviy qo‘llab-quvvatlagani uchun sanksiyalar joriy qildi. Bu haqda mamlakat Moliya vazirligi rasmiy saytida e’lon qilindi.
Qayd etilishicha, “Uzoq Sharq” banki KXDRning “Air Koryo” milliy aviatashuvchisi va mamlakatning boshqa davlat idoralariga xizmat ko‘rsatgani uchun, “Sputnik” banki esa KXDRning sanksiya ostidagi Tashqi savdo banki bilan hamkorlik qilgani uchun jazolangan.
“Bugungi kunda G‘aznachilik departamenti KXDRning ommaviy qirg‘in qurollari va ballistik raketa dasturlarini qo‘llab-quvvatlovchilarga, shuningdek, bila turib KXDR hukumatiga muhim moliyaviy xizmatlar ko‘rsatayotgan xorijiy moliya institutlariga nisbatan sanksiyalar joriy qilmoqda”, deydi vazir o‘rinbosari Brayan Nelson.
Bundan tashqari, Xitoy-Shimoliy Koreyaning “Air Koryo Trading Corporation” kompaniyasi va Belarusga qochib ketgan Shimoliy Koreya fuqarosi ham sanksiyalar ostida qolgan.
Amerikaliklar kompaniyani Shimoliy Koreya Raketa sanoati vazirligi bilan hamkorlik qilishda ayblamoqda. Xabarga ko‘ra, KXDR kompaniya orqali turli elektron komponentlarni xarid qilish va import qilishga urinmoqda. AQSH Moliya vazirligi Belarusga qochgan jismoniy shaxsni esa KXDR Ikkinchi tabiiy fanlar akademiyasining vakili deb hisoblaydi.
Sanksiyalar AQSHda joylashgan yoki ularga tegishli bo‘lgan jismoniy va yuridik shaxslarning mulkini muzlatishdan iborat. Shuningdek, u sanksiya qo‘yilgan shaxslarning mulki bilan bog‘liq bo‘lgan shaxslarning Qo‘shma Shtatlar ichidagi har qanday operatsiyalarini (jumladan, AQSH orqali tranzit operatsiyalarini) taqiqlaydi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 24 may kuni Shimoliy Koreya uchta raketa uchirdi: bitta qit’alararo ballistik raketa va ikkita qisqa masofali ballistik raketa. Umuman olganda, Shimoliy Koreya joriy yilda 23 ta ballistik raketa uchirdi, ulardan 6 tasi qit’alararo ballistik raketalardir.