Rossiyaning g‘alabasi Si kabi diktatorlarga signal bo‘ladi – Berbok
Olam
−
16 sentabr 2023 11676 1 daqiqa
Germaniya Tashqi ishlar vaziri Annalena Berbok Xitoy rahbari Szinpinni "diktator" deb atadi. Bu haqda u “Fox News” telekanaliga bergan intervyusida aytib o‘tdi.
Undan Ukraina inqirozining natijasi haqida so‘ralganida, Berbok G‘arb davlatlari Kiyev hukumatini qancha kerak bo‘lsa, shuncha qo‘llab-quvvatlashini aytgan.
“Agar Rossiya g‘alaba qozonsa, bu Si [Szinpin] kabi diktatorlarga signal beradi”, degan Germaniya TIV rahbari.
Siyosatchi Tayvanni o‘z tarkibiga qo‘shib olishga urinayotgan Xitoy rahbariga ishora qilgan bo‘lsa-da, bu haqda ochiq gapirmagan.
Bundan tashqari, Berbok Amerika Qo‘shma Shtatlarida Vashington tomonidan Ukrainaga ajratilgan mablag‘lar hisobiga iste’mol narxlari ko‘tarilayotganini bildirgan.
“G‘arb davlatlari Kiyevni qo‘llab-quvvatlamasa, bu yanada qimmatroqqa tushishi mumkin", degan Tashqi ishlar vaziri.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning aprel oyida Annalena Berbok Xitoyga borgan va o‘sha paytdagi Xitoy Tashqi ishlar vaziri Sin Gang bilan muzokara o‘tkazgandi.