Rossiyaning eng qimmat dronlaridan biri urib tushirildi – Ukraina
Olam
−
02 aprel
10034Ukraina harbiylari Rossiyaning “Forpost” hujum va razvedkachi uchuvchisiz samolyotini yo‘q qildi. Bu haqda kecha, 1 aprel kuni Ukraina Janubiy havo qo‘mondonligining Facebook'dagi sahifasida tegishli bayonot e’lon qilindi.
Bildirilishicha, dron Qora dengizda Odessa zenit-raketa brigadasi tomonidan urib tushirilgan. Ukraina Harbiy-havo kuchlari qo‘mondonligi voizi Ilya Yevlash “Forpost” uchuvchisiz samolyoti Rossiya Qurolli kuchlarida xizmat ko‘rsatishdagi eng qimmat qurilmalardan biri ekanini, uning narxi 7 million dollarga baholanganini aytdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, bu juda katta dron bo‘lib, u razvedka ishlarini olib boradi, shuningdek, yerdagi nishonlarni urish uchun ikkita raketa yoki boshqa qurol ko‘rinishidagi qo‘shimcha jangovar yukni ko‘taradi.
Ukraina Janubiy mudofaa kuchlari matbuot kotibi Natalya Gumenyukning aytishicha, Rossiya harbiylari A-50 uzoq masofaga uchuvchi radar razvedka samolyotlari yetishmovchiligini sezdirmaslik uchun razvedkachi dronlardan tobora ko‘proq foydalana boshlagan.
"Agar o‘tgan kun davomida biz Odessa viloyatidan Zaporojegacha bo‘lgan mas’uliyat zonamizda 200 dan ortiq razvedka uchuvchisiz samolyotlarini kuzatgan bo‘lsak, bugungi kunda ular biroz kamroq. Ammo dushman razvedka ishlarini davom ettirmoqda va aniqki, u havodagi A-50’ni shu tarzda qoplashga muhtoj”, deydi u telemarafonda.
Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy esa kechki videomurojaatida mamlakatda dron ishlab chiqarishni ko‘paytirish zarurligini yana bir bor ta’kidladi.
"Urush talab qiladigan narsani harbiy-sanoat kompleksimiz ishlab chiqarishi kerak. Shubhasiz, bu urushda dronlar g‘alaba uchun hal qiluvchi so‘zlardan birini aytadi va bu Ukraina so‘zi bo‘lishi kerak. Ukraina dronlari – Ukraina g‘alabasi”, deydi Zelenskiy.
LiveBarchasi