Rossiyaning birinchi raqamli dushmani AQSH emas, biz uni taniymiz

Tahlil

image

Endi rossiyaliklar ko‘proq AQSH emas, Germaniyani dushman davlat sifatida ko‘rmoqda. Xalqaro miqyosda ishonchli deb tan olingan Rossiyadagi nodavlat tashkilot Levada instituti o‘rganishlari natijasiga ko‘ra, rossiyalik oddiy odamlar hozirda Germaniyani Rossiyaga nisbatan dushmanlik kayfiyatidagi davlat deb hisoblamoqda. Respondentlarning 55 foizi Germaniyani Rossiyaga eng noxush munosabatda bo‘layotgan davlat deb atagan.

Rossiyaliklarning Germaniya haqidagi fikri oldin boshqacha edi deb bo‘lmaydi, ammo so‘nggi besh yilda bu ko‘rsatkich keskin tarzda 40 foizga o‘sgan.

Buyuk Britaniya Rossiyaga nisbatan dushman davlatlar ro‘yxatida ikkinchi o‘rinni egallagan (49 %), undan keyin Ukraina (43%) qayd etilgan.

Bunga qarama-qarshi ravishda, so‘nggi yigirma yil davomida yuqori pog‘onada turgan AQSH endi faqat 40 % respondent tomonidan dushman deb atalgan, bu esa o‘tgan yilgi 76 foizlik ko‘rsatkichga nisbatan keskin kamayishdir. Levada instituti bu o‘zgarishni AQSH Prezidenti Donald Trampning Moskvaga nisbatan ehtiyotkorona siyosati bilan bog‘lamoqda.

Germaniya esa Rossiya rahbariyati tomonidan tobora ko‘proq tanqidga uchramoqda, ayniqsa u Ukrainaga qurol yetkazib berayotgani bois. Bu tanqidlar Germaniyaning yangi kansleri Fridrix Mers o‘z lavozimiga kirishganidan so‘ng yanada keskin tus oldi.

Shuningdek, Yevropa Ittifoqida Rossiya gazining eng yirik xaridorlaridan biri bo‘lgan Germaniya Ukrainaga harbiy yordam berayotgani uchun Moskvada tanqid ostida qolmoqda.

Germaniya ham Rossiyani do‘st deb bilmaydi...

Germaniyaliklarning ko‘pchiligi, ayniqsa siyosiy doira vakillari, yirik OAV va tahlilchilar bu so‘rovnomani butunlay e’tiborsiz qoldirmoqda. Ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari esa hatto bundan faxrlanib, shunday demoqda:

“Germaniya o‘z ta’sirini o‘tkazmoqda!”

Bir qancha xalqaro tahlilchilar so‘rovnomaning bunday natijasi xavotirli signal bo‘lishi kerakligini ta’kidlamoqda. Negaligini tushunish uchun esa kengroq kontekstga nazar tashlash zarur. Gap shundaki, hozirda siyosiy pozitsiyalarda kesishayotgan mazkur ikki davlat o‘tmishdagi jahon urushlarining ikkalasida ham “bosh-qosh” bo‘lgan.

Ta’kidlash joizki, har ikki jahon urushida Rossiya va Germaniya qarama-qarshi tomonlarda edi. Ikkinchi jahon urushidan so‘ng, Germaniya ikkiga bo‘linib ketib, keyinchalik birlashib iqtisodiy kuchli, zamonaviy mamlakatga aylandi.

Ammo xorij nashrlariga ko‘ra, bu davlatda hamon Rossiyaga nisbatan “gina” mavjud bo‘lib, mazkur mamlakatga nisbatan ultimatumdan boshqa harakatlar “yon bosish” deb qoralanadi. Hattoki, Rossiya bilan normal muloqot o‘rnatmoqchi bo‘lganlar ochiqcha qoralangan yoki tahqirlangan holatlar ham bo‘lgan.

Masalan, Prezident Frank-Valter Shtaynmayer Rossiyaning Germaniyaga tabiiy gaz olib keluvchi “Nord Stream 2” (Severniy potok – 2) gaz quvuri loyihasini qo‘llab-quvvatlagani uchun uzr so‘rashga majbur bo‘lgandi. U 2022 yilda televideniyega bergan intervyusida xato qilganini tushunib yetganini aytgan.

Bundan tashqari, NATOning kengayishi Rossiya xavfsizligini so‘roq ostida qoldirishini aytgan sobiq jurnalist Gabriyele Krone-Shmals katta tanqidlarga uchragan. U ergashgan “Russlandversteher” (Rossiyani tushunish) g‘oyasi hozir qariyb “dushman”ga tenglashtirilmoqda.

Germaniyada shunday siyosiy qarashga ega shaxslar borki, ularning fikricha, Rossiya va Germaniya o‘zaro dushman. Masalan, Tashqi ishlar vaziri Yoxan Vadeful Rossiyani ochiqdan-ochiq butun Yevropa uchun xavf deb ataydi.

Xorijiy OAVga ko‘ra, Germaniyada siyosatchilar, general va mahalliy mutaxassislar tomonidan qurollanish targ‘ibot kampaniyasi yuritilmoqda. Hattoki, Egon Flag kabi mashhur tarixchi professorlar “germaniyalik ota-onalar o‘z farzandlarini urushda qurbon qilishga tayyor bo‘lishi kerak”ligini yozmoqda. Go‘yoki, jahon urushlaridan hech qanday saboq olinmagan.

Teleshou va hujjatli filmlar “urushga chidamlilik” (Kriegstüchtigkeit) zarurligini targ‘ib qilmoqda.

Rossiyaliklar uchun kimlar do‘st?

Do‘stona davlatlar ro‘yxatida Belarus 80% ovoz bilan birinchi o‘rinni egallagan, undan keyin 66 % bilan Xitoy, 36% bilan Qozog‘iston, 32% bilan Hindiston va 30% bilan Shimoliy Koreya kelgan.

O‘zbekiston esa 8% bilan “do‘stlar ro‘yxati”ning 14 qatoridan joy olgan.

Ushbu natijalar Kremlning Rossiya Ukrainaga to‘liq miqyosda bosqinni boshlaganidan buyon dunyoni “do‘st” va “dushman” davlatlarga ajratish siyosatini aks ettiradi.

So‘rovnoma 22-28 may kunlari, 18 yoshdan katta 1613 nafar ishtirokchi orasida o‘tkazilgan, deb xabar bermoqda Levada markazi.

Bundan tashqari, so‘rovnomada ishtirok etgan rossiyaliklarning ayrim davlatlarga munosabati ham o‘rganilgan. Eng yaxshi munosabat Hindistonga bo‘lib, 76% ijobiy fikr bildirilgan. Keyingi o‘rinda esa 68% ko‘rsatkich bilan Braziliya turibdi. Yaponiya va AQSHga nisbatan munosabat esa mo‘’tadil ijobiy deb baholangan. Respondentlarning 3/4 qismi Ukrainaga, har o‘ntadan oltitasi esa Yevropa Ittifoqiga nisbatan yomon munosabatda ekani qayd etilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Germaniya AQSh Rossiya Levada instituti

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing