Rossiyaning ayrim hududlarida o‘qiyotgan talabalarning o‘qishini O‘zbekistonga ko‘chirishga ruxsat berildi
Jamiyat
−
01 noyabr 2022
6007Rossiya Federatsiyasining Ukraina bilan chegaradosh Kursk, Bryansk, Belgorod, Voronej, Rostov va Krasnodar hududlaridagi OTMlarida tahsil olayotgan O‘zbekiston fuqarolarining o‘qishini O‘zbekistondagi davlat OTMlariga istisno tariqasida ko‘chirishga ruxsat berildi. Bu haqda Davlat test markazi xabar berdi.
Qayd etilishicha, talabalarning o‘qishi ularning arizalariga muvofiq doimiy yashash manzili hududida joylashgan OTMning mos va turdosh (mos va turdosh bo‘lmagan taqdirda mazmunan yaqin bo‘lgan) ta’lim yo‘nalishiga ko‘chiriladi.
Ma’lum bo‘lishicha, o‘qishni ko‘chirish bo‘yicha arizalar joriy yilning 1 noyabrdan 20 noyabriga qadar (shu kuni ham) Davlat test markazining my.dtm. uz sayti (“Rossiya Federatsiyasidan o‘qishni ko‘chirish” bo‘limi) orqali qabul qilinadi.
Shuningdek, talabalarning haqiqatda muayyan OTMda tahsil olganligini tekshirish 25 noyabrdan 15 dekabrga qadar Tashqi ishlar vazirligi tomonidan amalga oshiriladi.
Talabalarning o‘qishini ko‘chirishga ruxsat berish bo‘yicha qaror respublika OTMlarining idoraviy bo‘ysunuvidan qat’i nazar Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tomonidan qabul qilinadi;
DTMga ko‘ra, fuqarolarning Rossiya Federatsiyasidagi muayyan OTMda haqiqatda o‘qiyotganligi aniqlanmasa, ularning o‘qishi ko‘chirilmaydi.
O‘qishi ko‘chirilgan talabalarning o‘qishini mos kursdan davom ettirishiga istisno tariqasida ruxsat beriladi. Bunda aniqlangan fanlar farqi 2022-2023 o‘quv yili davomida bepul topshiriladi.
LiveBarchasi