Rossiyani Qozog‘istonga qarshi qayragan bosh konsul ishdan ketdi
Olam
−
29 avgust 2023
8117Rossiyaning Qozog‘istondagi bosh konsuli Yevgeniy Bobrov o‘z lavozimini tark etdi. Bu haqda Qozog‘iston Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Aybek Smadiyarov ma’lum qildi.
Aytish joizki, Bobrovning ishdan ketishi u Qozog‘istonda rus tili kamroq o‘qitila boshlaganini aytganidan bir necha kun o‘tgach, sodir bo‘lgan. Bobrov 23 avgust kuni TASS agentligiga bergan intervyusida Qozog‘istonda rus tilini o‘rganish kamayganini ma’lum qilgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, rus tilida o‘qitiladigan maktab va sinflar soni ham kamayib bormoqda, o‘qituvchilar yetishmasligi va boshqa muammolar mavjud.
“Rus tilidan foydalanish va o‘rganish darajasida ma’lum darajada pasayish kuzatilmoqda. Bu hodisaning ob’ektiv sabablari bor – bu rus millatiga mansub aholining 15,2 foizga qisqarishi, shuningdek, ta’lim vazirligining qozoq tiliga asoslangan davlat o‘quv dasturiga ko‘proq e’tibor qaratishi", degan u.
Kecha, 28 avgust kuni Qozog‘iston Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi bu da’volarni rad etib, rasmiylar barcha maktablarni qozoq tiliga o‘tkazish niyatida emasligini va fuqarolar farzandlari qaysi tilda o‘qitilishini tanlashlari mumkinligini ta’kidlagan.
"Ehtimol, bu odam bizning mamlakatda kuzatilgan barcha ma’lumotlardan ham boxabar bo‘lmagandir", deydi Smadiyarov.
Unga ko‘ra, Bobrov diplomatik missiyasini yakunlagan va hozirda Qozog‘istonda emas. U iste’fo ixtiyoriymi yoki Qozog‘iston Tashqi ishlar vazirligining talabi bilan bo‘lganmi, bunga aniqlik kiritmagan.