Rossiyaliklar o‘zbeklarni yomon ko‘radimi? Bekmurodov bilan intervyu

Intervyu

Urushga bormaydigan o‘zbekistonlik migrantlar Rossiyaga kerak emas. Rossiyalik deputat Sergey Mironovga tegishli bo‘lgan bu fikrlar O‘zbekistonda rus siyosatchilariga nisbatan navbatdagi e’tirozlarni keltirib chiqarmoqda. 

Joriy yilning 16 oktyabr kuni O‘zbekiston Respublikasining Qozon shahridagi Bosh konsulxonasi o‘zbekistonliklarni yana bir bor xorijiy davlatlar hududida jinoiy javobgarlik belgilangan harbiy harakatlarda ishtirok etishdan ogohlantirdi. Bosh konsulxona bayonotiga ko‘ra, Rossiya nomidan urushga borganlar O‘zbekistonga qaytgach istisnosiz jazolanadi.

Ammo bu ogohlantirish uzoqni o‘ylamay urushga ketayotgan o‘zbekistonliklardan ko‘ra, rossiyalik deputat Sergey Mironovga qattiq ta’sir qilgan shekilli. Bu bayonotga u tezkorlik bilan munosabat bildirdi va “Sizni boqayotgan mamlakatni himoya qila olmaysizmi?” degan savolni o‘rtaga tashladi. 

O‘zbekistonlik siyosatchilarda bu savolga javob bor. QALAMPIR.UZ bu mavzuni “Yuksalish” harakati raisi, Mironovning o‘zbekistonlik mavqedoshi, O‘zbekiston Liberal Demokratik Partiyasi deputati Bobur Bekmurodov bilan muhokama qildi.

Bobur Bekmurodovga ko‘ra, Qozon shahridagi O‘zbekiston Bosh konsulxonasi ogohlantirishiga tushuntirish berar ekan, uning chaqirig‘ini qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.

“Noqonuniy xatti-harakatlardan asrash bu bizning konsulligimizning vazifasi. Shu sababli ham Bosh konsullikning bu ogohlantirishi ham qonuniy, ham adolatli. Biz bunday chaqiriqlarni davom ettirishimiz va ko‘proq chiqarishimiz kerak. O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 154-moddasida boshqa mamlakatlarning harbiy xizmatiga, xoh politsiya bo‘lsin, xoh boshqa huquq-tartibot organlariga yollanganlik uchun O‘zbekiston fuqarosiga 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilangan.  O‘zbekiston o‘z fuqarolarini, vatandoshlarini qonunbuzilishi holatlaridan asrashga haqli”, dedi u.

U fikrida davom etar ekan, o‘zbekistonliklar tashqi ta’sirlarga nisbatan doimo birlasha olishini bildirdi. 

Bekmurodovning munosabatiga ko‘ra, bunday tajovuzkor ritorika faqat ikki tomonlama munosabatlarga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Haqiqatdan ham rossiyalik siyosatchilar tomonidan O‘zbekistonga, o‘zbekistonliklarga qarata aytilayotgan bunday noo‘rin gaplar juda tez-tez takrorlanmoqda. Nega? Ruslar o‘zbeklarni yomon ko‘radimi?

“Bunday fikr bildirayotganlarning aksariyati eski odamlar. Ko‘ryapmizki, O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi parlamentlararo, hukumatlararo munosabatlar yaxshilanib bormoqda. Rossiyadagi yosh, progressiv hamkasblarimiz bilan gaplashsangiz, ular bunday fikrda emas. Shu sababli ham hozirgi aytilgan gaplarni eskicha dunyoqarashda bo‘lgan siyosatchilarning fikri va pozitsiyasi sifatida qarash kerak”, dedi deputat.

U Mironovning “biz sizni boqyapmiz” degan gapiga javob tariqasida o‘zbekistonlik migrantlar Rossiyada halol mehnat ortidan o‘zini-o‘zi boqayotganini aytdi.

“Bu qabul qilib bo‘lmaydigan so‘z. Sababi vatandoshlarimiz Rossiya Federatsiyasida mehnat qilayotganligi uchun soliq to‘layapti. Masalan, patent olishdan oldin 30% daromad solig‘i to‘laydi. Patent olsa, bu daromad solig‘i 13% ga tushadi. Birgina Tomsk oblasti misolida aytadigan bo‘lsak, shu yilning 6 oyida migrantlar umumiy miqdorda 115 mln rubl byudjetga soliq to‘lagan. Agar bu raqamlarni Federatsiya miqyosida oladigan bo‘lsak, Markaziy Osiyodan bo‘lgan migrantlar Rossiya byudjetiga milliardlab foyda olib kelyapti. Ya’ni bu iqtisodiy rivojlanishiga, mamlakatning barqarorligini ta’minlashga katta hissa qo‘shyapti”, dedi Bekmurodov.

Sergey Mironov 2023 yilda ham Qozog‘iston, Qirg‘iziston va O‘zbekistonning Ukrainadagi urushda qatnashgan o‘z fuqarolarini jinoiy javobgarlikka tortishni nazarda tutuvchi qonunchiligi sabab tanqid qilgandi va o‘shanda ham Bekmurodov unga qattiq javob qaytargan. Yaqinda esa Senat “O‘zbekiston Respublikasida chet el fuqarolarining va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning huquqiy holati to‘g‘risidagi O‘zbekiston Respublikasi qonuniga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonunni ma’qullagandi. Xo‘sh, Mironovni bu ro‘yxatga kiritish kerakmi? Bu savolga javoban Bekmurodov deputat Mironov siyosatda katta ahamiyatga ega shaxs emasligini aytdi.

“Mironov siyosatni shakllantiradigan shaxs emas. U Rossiyada jamoatchilikning fikrini ham shakllantira olmaydi, hatto. Lekin bu uning gapiga e’tibor qaratish degani ham emas. Albatta, O‘zbekiston jamoatchiligi bunday ritorikalarga o‘z vaqtida va mutanosib javob berishi kerak. Ko‘pchilik nega palon siyosatchining gapiga Tashqi ishlar vazirligi javob bermadi, deyishadi. Yo‘q, javoblar mutanosib bo‘lishi kerak. Deylik, bitta fraksiyaning rahbari fikr aytdimi, bizdan ham uning mavqesiga teng odam unga javob qaytarishi kerak. Ya’ni butun boshli Tashqi ishlar vazirligimiz bunday siyosatchilarning gapiga javob qaytaradigan darajaga o‘zini tushirishi shart emas. O‘zbekiston kichik davlat emas, bizning 3000 yillik davlatchilik tariximiz bor va biz o‘zimizni shunga mos tarzda tutishimiz kerak”, dedi u.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing