Rossiyalik tadbirkor Moskvada o‘lik holda topildi

Olam

image

Bugun, 2 mart kuni taniqli rossiyalik tadbirkor va sobiq senator Umar Jabroilov vafot etgani ma’lum bo‘ldi. U o‘qotar quroldan olingan jarohat oqibatida hayotdan ko‘z yumgan. Bu haqda huquq-tartibot idoralariga tayanib, RIA Novosti xabar berdi.

Nashrning yozishicha, Umar Jabroilov Moskvadagi xonadonida boshidan o‘q yegan holda topilgan. U shifoxonada vafot etgan.

“Umar Jabroilov Moskvaning 1-Tverskaya-Yamskaya ko‘chasidagi uyning xonadonidan topildi”, deydi nashr manbasi. 

“Mash”ning ma’lumotiga ko‘ra, tadbirkor shifoxonaga shaxsi noma’lum va og‘ir ahvoldagi bemor sifatida olib kelingan, uni faqat yetib kelgan qo‘riqchilari tanib olgan. Shifokorlar kamida yarim soat davomida Jabroilovni jonlantirishga uringan.

Jabroilov 1958 yil 28 iyunda Grozniy shahrida tug‘ilgan. 1997 yilda u Rossiyadagi yirik savdo markazlari – “Oxotniy ryad” va “Smolenskiy passaj”, shuningdek, “Kunsevo” turarjoy majmuasi, “Rossiya” mehmonxonasi va boshqalarni boshqargan “Plaza” kompaniyalar guruhining top-menejeri bo‘lgan. 

Umar Jabroilov 2000 yil 26 martda bo‘lib o‘tgan Rossiya Federatsiyasi prezidentligi saylovlarida nomzod sifatida ishtirok etgan. U “Sila razuma” (Aql kuchi) tashabbuskor guruhi tomonidan nomzod sifatida ko‘rsatilgan. Jabroilov saylovda ishtirok etgan 11 nafar nomzod orasida eng oxirgi o‘rinni egallagan. Unga 78 498 nafar saylovchi ovoz bergan, bu umumiy ovozlarning taxminan 0,1 foizini tashkil etadi.

2004–2009 yillarda Jabroilov Chechenistondan saylangan senator, shuningdek, Federatsiya Kengashining xalqaro ishlar bo‘yicha qo‘mitasi raisi o‘rinbosari va Yevropa Kengashi Parlament Assambleyasidagi (YeKPA) Rossiya delegatsiyasi a’zosi bo‘lib ishlagan. Keyingi to‘rt yil davomida Rossiya Prezidenti yordamchisining xalqaro ishlar bo‘yicha maslahatchisi lavozimida faoliyat yuritgan, 2015 yilda esa “Avanti” biznes-patriotizmni rivojlantirish bo‘yicha tadbirkorlar uyushmasini boshqargan.


Maqola muallifi

Teglar

tadbirkor Moskva Umar Jabroilov

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing