Rossiyalik senatorlar Valeriy Meladzedan fuqarolikni olib qo‘ymoqchi
Madaniyat-san’at
−
03 yanvar 2023
10950Rossiya Federatsiyasi kengashi senatori, xalqaro aloqalar qo‘mitasi a’zosi Yelena Afanaseva Valeriy Meladzedan Rossiya fuqaroligini olib qo‘yish kerak degan fikrda. Bu haqda u kecha, 2 yanvar kuni o‘zining Telegram kanalida yozdi.
Gap shundaki, ijtimoiy tarmoqlarda xonanda Valeriy Meladze ishtirokidagi video tarqalgan bo‘lib, unda xonanda bir qo‘lida mikrofon, ikkinchi qo‘lida qadah tutgan holatda turganida tadbir ishtirokchilaridan biri undan “slava Ukraine” (Ukrainaga shon-sharaflar), degan so‘zni aytishini so‘raydi, shundan so‘ng Meladze mikrofonni chetroqqa olib “geroyam slava” (qahramonlarga shon-sharaflar), deya javob qaytaradi. Ushbu video parcha rossiyalik va ukrainalik internet foydalanuvchilari orasida trendga chiqib ulgurdi. Ma’lum bo‘lishicha, bu voqea Birlashgan Arab Amirliklarining Dubay shahridagi restoranlardan birida sodir bo‘lgan.
Senator Afanaseva shaxsiy Telegram kanaliga ushbu videoni joylashtirar ekan dastavval, “hayvoniy, xunuk, hiyonat”, deb yozgan.
“Meladze bu guruhni qo‘llab-quvvatlagani uchun Rossiya Federatsiyasi fuqaroligidan mahrum qilinishi kerak. Fuqarolarimiz rus xalqi uchun jon berayotgan, Rossiya hududlarini himoya qilayotgan bir paytda, ba’zilar ukrainalik millatchilar bilan birga “osh-qatiq” bo‘lishga vaqt topyapti. Buni hazm qilish mumkin emas. Agar Meladze vijdonli inson bo‘lganida uning o‘ziyoq Rossiya fuqaroligini topshirgan bo‘lar edi. Lekin bunga mening shubham bor. Ular Rossiyada katta pul topishga o‘rganib qolgan va mashaqqatsiz topilgan cheksiz millionlarni o‘yin-kulguga sarflashyapti”, degan u.
Bu rossiyalik senatorlar boshqalarni fuqarolikdan mahrum qilish taklifi bilan chiqqan yagona holat emas. TASS nashriga ko‘ra, Federatsiya Kengashining konstitutsiyaviy qonunchilik va davlat qurilishi qo‘mitasi rahbari Andrey Klishas 2022 yilning yozida Rossiya Davlat Dumasi deputati Ivan Suxarev rus siyosatini tanqid qilgani uchun fuqarolikdan mahrum qilishni talab qilgan.
Ma’lumot o‘rnida, Valeriy Meladze 1965 yilning 23 iyun kuni Gruziyaning Batumi shahrida tug‘ilgan. 1989 yilda Ukrainadagi Kemasozlik institutini tamomlagan, 1994 yilda aniq fanlar yo‘nalishida ilmiy ish yoqlagan. Shunga qaramasdan Valeriy Meladze akasi Konstantin Meladze sabab san’at yo‘lini tanlagan va 1992 yildan buyon yakkaxon ijod bilan shug‘ullanib kelmoqda. U 2009 yilda Rossiyada xizmat ko‘rsatgan artist unvoni bilan taqdirlangan bo‘lib, u kuylagan “Beliye ptitsi”, “Svobodniy polet”, “Poteryan i ne nayden” va “Vremya Vishlo” kabi taronalari O‘zbekistonda ham mashhur.
LiveBarchasi